Rossiya – Ukraina urushining tugashi bo‘yicha 8 ta ssenariy ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Xakerlar Rossiyaning “Sberbank“ bankiga tegishli ekani aytilgan, Rossiya va Ukraina urushi yakunlanishining ehtimoliy ssenariylari keltirilgan hujjatni e’lon qildi. Unda urush qanday yakunlanishi mumkinligi bo‘yicha 8 ta ssenariy keltirilgan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjatning haqiqiyligi hozircha tasdiqlanmagan.

Xakerlarning ta’kidlashicha, hujjat “Sberbank“ boshqaruv raisi German Grefning nomi oshkor etilmagan shaxs bilan yozishmalaridan olingan. Hujjat 2026 yilning aprelida tayyorlangan.

“Meduza”ning moliya bozoridagi manbasi hujjatning asl nusxasini ko‘rmaganini, ammo u sun’iy intellektga asoslangan chatbot yordamida yaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Hujjatning ingliz tilidagi versiyasi Pangram xizmati orqali tekshirilganda, matnning 83 foizi sun’iy intellekt tomonidan yaratilgani ko‘rsatilgan.

Hujjatda urush yakunlanishining ehtimoliy ssenariylari quyidagicha baholangan:

1. Rossiyaning hal qiluvchi harbiy ustunligi – 7 foiz

Bu ssenariy Rossiyaning Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarini ma’muriy chegaralari doirasida to‘liq nazorat qilishi va Ukrainani muzokaralarga majburlashini nazarda tutadi. Kiyevni egallash ko‘zda tutilmagan.

Tahlilchilar bunday natijaga erishish uchun Rossiyaga 300–500 ming kishini qamrab oladigan ikkinchi safarbarlik to‘lqini kerak bo‘lishini bildirgan. Hozirgi sharoitda Rossiya oyiga 20–25 ming kishilik yo‘qotishlarni shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiylar hisobidan to‘ldirishi mumkin, ammo bu yangi hujum guruhlarini shakllantirish uchun yetarli emas.

Shuningdek, Rossiya havo mudofaasi, aviatsiya ko‘magi va dronlardan foydalanish imkoniyatlarini kuchaytirishi kerak bo‘ladi. Tahlilchilar Vladimir Putin faoliyatini haqiqiy qo‘llab-quvvatlash darajasini 55–65 foiz deb baholagan. Safarbarlik bu ko‘rsatkichni yana 10–15 foiz punktga pasaytirishi mumkin.

2. “G‘arbning holdan toyishi” – 12 foiz

Bu holatda Ukraina G‘arb davlatlarining siyosiy va moliyaviy ko‘magidan mahrum bo‘ladi. Buning uchun AQSHda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi 30 foizdan pastga tushishi, Yevropada energetik inqiroz yuzaga kelishi va Ukrainaning o‘zida ichki siyosiy inqiroz boshlanishi kerak.

Bunday vaziyatda Rossiya sanksiyalarning bir qismini bekor qildirishi va Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligi bo‘yicha kafolat olishi mumkin. Mojaro rasmiy tinchlik shartnomasisiz muzlatiladi. Ukraina esa Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkin.

“Sberbank“ bahosiga ko‘ra, 2026 yil aprelidagi holat saqlanib qolsa, Rossiya iqtisodiyoti yana 12–18 oy bardosh bera oladi.

3. “Tramp kelishuvi” – 32 foiz

“Sberbank“ eng ehtimoliy ssenariy sifatida “Tramp kelishuvi”ni ko‘rsatgan. Unga ko‘ra, mojaro rasmiy tinchlik shartnomasisiz muzlatiladi, Ukraina NATOga qo‘shilmaydi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning bir qismi bekor qilinadi.

AQSH Rossiyaning 4 ta viloyat ustidan nazoratini qabul qilishi mumkin, ammo yuridik jihatdan 1991 yilgi chegaralarni tan olishda davom etadi. Yevropa Ittifoqi esa bu hududlarni Rossiyaniki deb tan olmaydi.

Tahlilchilarning fikricha, Donald Tramp 2026 yil noyabridagi oraliq saylovlarga qadar kelishuvga erishishga harakat qilishi mumkin. Shu sababli u Rossiya va Ukrainaga bosim o‘tkazadi. Muvaffaqiyatli kelishuv Trampga Nobel tinchlik mukofotiga da’vo qilish imkonini berishi mumkin.

Biroq tomonlarning hech biri Trampning uzoq muddatli kafolatlariga ishonmaydi. AQSHda hokimiyat almashishi bilan mojaro yana avj olishi mumkin.

4. “Koreyscha muzlatish” – 22 foiz

Bu ssenariy tomonlarning hech biri frontda hal qiluvchi ustunlikka erisha olmagan holatda yuzaga kelishi mumkin. Mojaro rasmiy kelishuvsiz muzlatiladi, front chizig‘i barqarorlashadi va janglarning intensivligi pasayadi. Dronlar urushi esa davom etadi.

Tahlilchilar bunday vaziyat Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qiziqishini yo‘qotib, e’tiborini boshqa mamlakat yoki ichki siyosatga qaratsa yuzaga kelishi mumkinligini aytgan. Yevropa Ittifoqi Ukrainanga yordamning asosiy qismini o‘z zimmasiga oladi.

Ikki tomon ham tanaffusdan keyingi 3–5 yil davomida keng ko‘lamli qayta qurollanish uchun foydalanishi mumkin. Shu sababli urushning keyingi bosqichi texnologik jihatdan butunlay boshqacha bo‘ladi.

5. Cho‘zilgan urush – 15 foiz

Mojaro yana 2–3 yil davom etadi. Bunda frontda jiddiy o‘zgarishlar yoki muzokaralar bo‘lmaydi, Rossiyaning yo‘qotishlari va oldinga siljish sur’ati hozirgi darajada qoladi.

Tahlilchilar bunday ssenariyda Ukrainada gumanitar va demografik inqiroz kuchayishini, Rossiyada esa iqtisodiy bosim ortib, aholining Putinni qo‘llab-quvvatlashi 50 foizdan pastga tushishi mumkinligini bildirgan.

Bu holat sanksiyalarning yanada kuchayishiga olib keladi. Biroq Rossiya Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlar bilan savdoni davom ettirgani uchun uning izolyatsiyasi Eron yoki Shimoliy Koreya darajasiga yetmaydi.

6. Murosaga asoslangan shartlarda tinchlik – 5 foiz

Tomonlardan birida jiddiy siyosiy o‘zgarishlar yuz bersa, o‘zaro yon berishlar asosida to‘liq tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin.

Bu ssenariyda Rossiya Xerson va Zaporoje viloyatlarining bir qismini yoki avval bosib olingan hududlarning bir qismini Ukrainaga qaytarishi mumkin. Evaziga Ukraina Qrim va Donbassning bir qismini Rossiya hududi sifatida tan olishi ehtimoli bor.

Ukraina xavfsizlik kafolatlarini oladi va Yevropa Ittifoqi, hatto NATOga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq NATOga a’zo bo‘lish 15–25 yil ichida amalga oshmasligi mumkin.

Tahlilchilar bu variant Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham og‘ir bo‘lishini ta’kidlagan. Rossiya hududlarni qaytarish qarorini aholiga tushuntirishi, Ukraina esa katta yon berishlarga borishiga to‘g‘ri keladi.

7. Ukraina va Yevropa shartlari asosida tinchlik – 2 foiz

Bu “Sberbank“ bahosiga ko‘ra, eng ehtimoli past ssenariy. Unda Rossiya 2014 yoki 1991 yilgi chegaralariga chekinadi, reparatsiyalar to‘laydi va Ukraina NATOga qo‘shiladi. Qrim Ukrainaga qaytarilishi yoki u bo‘yicha alohida muzokaralar o‘tkazilishi mumkin.

Bunday ssenariy Rossiya iqtisodiyotining qulashi, YAIM 15 foizdan ortiq pasayishi, giperinflyatsiya, og‘ir harbiy mag‘lubiyat yoki mamlakatda rejim almashishi natijasida yuzaga kelishi mumkin.

Tahlilchilar bu variantlarning barchasini ehtimoli juda past deb baholagan.

8. “Wild card” — “Black swans” – 5 foiz

So‘nggi ssenariy urushning borishiga keskin ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan, oldindan prognoz qilish qiyin bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga oladi.

Ular orasida Rossiyaning taktik yadroviy quroldan foydalanishi, Rossiyaning Ukrainadagi Zaporoje AESi yoki Chernobildagi yadroviy ob’ektga zarba berishi, NATO va Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvi, Rossiya yoki Ukrainada hokimiyat almashishi, Yaqin Sharqda AQSH, Eron va Isroil ishtirokida yangi mojaro boshlanishi hamda sun’iy intellekt yordamida dronlar to‘dalarini boshqarishda texnologik ustunlikka erishish yoki muhim infratuzilmaga kiberhujum qilish kabi holatlar keltirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, bunday voqealardan birortasi sodir bo‘lsa, urushning borishi va uning yakunlanish muddati keskin o‘zgarishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing