Yaman katta urush bo‘sag‘asida: husiylarga qarshi yirik operatsiya boshlandi

Olam

−

image

Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan Prezidentlik rahbarlik kengashi rahbari Rashad al-Alimiy husiylarga qarshi katta operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Ushbu operatsiyada 100 mingdan ortiq harbiy qatnashishi mumkin. Uning bayonoti kecha, 4 oktyabr kuni Prezidentlik rahbarlik kengashi saytida e’lon qilindi.

Al-Alimiyning so‘zlariga ko‘ra, eskalatsiyani pasaytirish imkoniyai tugaganidan so‘ng “tayyorgarlik bosqichidan” harbiy operatsiyaga o‘tilgan. U, shuningdek, qurolini topshirgan husiy jangchilariga avf e’lon qilishga va’da bergan hamda harakat nazoratidagi hududlar aholisini hukumat qo‘shinlari bilan hamkorlik qilishga chaqirgan. Operatsiya yakunlanguniga qadar barcha harbiy, kuch va fuqarolik davlat tuzilmalari po‘latdek jangovar shaylik holatiga o‘tkazilgan.

Al-Alimiyning bayonotidan ikki kun oldin “Reuters” mintaqaviy va g‘arbdagi oltita manbaga tayanib, Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan. Ikkita variant ko‘rib chiqilgan: Bob al-Mandob bo‘g‘ozi hududini qaytarib olish bo‘yicha cheklangan operatsiya yoki bir vaqtning o‘zida Al-Bayda, Marib, Taiz va Al-Jauf provinsiyalarida ancha keng ko‘lamli hujum uyushtirish.

Nashrning qayd etishicha, tanlangan variantga qarab operatsiyaga 100 mingdan ortiq Yaman harbiylari jalb etilishi mumkin. Quruqlikdagi hujumni Ar-Riyod tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman tuzilmalari olib borishi, Saudiya Arabistoni esa havo zarbalarini berishi kerak.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ar-Riyodga razvedka ma’lumotlari va nishonlarni tanlash uchun ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ilgariroq valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning husiylarga beriladigan zarbalarda Amerika aviatsiyasining bevosita ishtirok etishi haqidagi iltimosini rad etgan. Pokiston harbiy mutaxassislar va asbob-uskunalarni yuborgan, Saudiya Arabistoni esa Yamanda ilgari sotib olingan Turkiya dronlaridan foydalanmoqda.

“The Insider” hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil 10-11 sentyabr kunlarining o‘zida husiylar G‘arbiy Sohilda va bevosita Bob al-Mandob bo‘g‘ozi yonida kamida to‘rtta muhim punktni egallab olgan. 10 sentyabr kuni ular yirik Moxa portini va Xanish orollarini egallagan. Ertasi kuni guruh bevosita Bob al-Mandob qirg‘og‘ida joylashgan Dxubab shahrini va uning ro‘parasidagi Perim orolini egallab olgan. Shundan so‘ng “Reuters” husiylar Yamanning Qizil dengiz sohili ustidan nazoratni qo‘lga kiritgani haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaman Vakillar palatasi onlayn majlisda Yaman Prezidentlik kengashi yetakchisi Rashad al-Alimi tomonidan husiylarga qarshi turish uchun umumiy safarbarlik e’lon qilish bo‘yicha kiritilgan iltimosnomani ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing