Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik jazolandi
3-sahifa
−
16 may 2025 7776 2 daqiqa
Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan R.T. 2021 yilda ishlash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgan. 2024 yilning yanvar oyida uning Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan. U o‘ziga nisbatan chora ko‘rilmasligi uchun Rossiya armiyasiga yollanib, Leningrad viloyati Viborskiy tumanida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda faol qatnashgan va ushbu tumandagi jang maydonida harbiy istehkom (blindaj) qurishda ishtirok etgan. Joriy yilning 10 yanvar kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
2025 yilning 28 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi R.T. ko‘rsatma berib, aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. Xususan, u majburlikdan Rossiya Qurolli kuchlari bilan 1 yillik shartnoma tuzib, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa davlat fuqarolari bilan harbiy qismga olib borilganini aytgan. Bundan tashqari u 2024 yilning iyun oyida “o‘qchi” lavozimi keltirilgan guvohnoma olgani, o‘sha yilning iyul oyida esa shartnoma imzolagani uchun 197 ming rubl, bundan tashqari yana 500 ming rubl pul olganini bildirgan.
Sud hukmi bilan R.T. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Ukraina hududida harbiy harakatlarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Live
Barchasi