Rossiya Ukraina portiga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
17 iyul 4140 1 daqiqa
Bugun, 17 iyul kuni ertalab Rossiya Ukrainaning Mikolayiv shahridagi port infratuzilmasiga dronlar bilan hujum qildi. Oqibatda chet el bayrog‘i ostidagi kemada bo‘lgan ikki nafar Ukraina fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum Shahed-238 turidagi jangovar dronlar yordamida amalga oshirilgan. Zarba oqibatida port hududida turgan chet el bayrog‘i ostidagi uchta fuqarolik kemasiga shikast yetgan. Mazkur holat yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan urush jinoyatlari) bo‘yicha sudgacha tergov boshlangan.
Prokuratura, tergovchilar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari voqea joyida ish olib borib, hujum oqibatlarini hujjatlashtirmoqda. Shuningdek, Rossiya Xarkov viloyatidagi “Naftogaz” guruhining gaz ishlab chiqarish ob’ektlaridan biriga ham yirik dron hujumini amalga oshirgan. Zarba oqibatida korxona faoliyati to‘xtatilgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xodimlar boshpanalarga joylashtirilgan va ko‘rilgan xavfsizlik choralari tufayli hech kim jarohatlanmagan. Hozircha yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashning imkoni bo‘lmayotgani, takroriy zarbalar xavfi saqlanib qolayotgani bildirilgan.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon “Naftogaz” guruhi korxonalariga uyushtirilgan hujumlar soni 250 taga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaning “soya floti”ga tegishli 15 ta kemaga zarba bergan edi.
Live
Barchasi