Rossiya Ukraina chegarasida to‘plagan kuchlarining uchdan bir qismini yo‘qotdi – Britaniya razvedkasi

Olam

image

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlanishidan oldin chegaraga to‘plangan quruqlikdagi jangovar kuchlarning uchdan bir qismini yo‘qotgan. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi razvedkasi ma’lum qildi.

“Rossiyaning Donbassdagi hujumi jadallikni yo‘qotdi va rejadan ancha ortda qoldi. Dastlabki kichik muvaffaqiyatlarga qaramay, so‘nggi bir oy ichida Rossiya sezilarli yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan holda ko‘rinarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Hozirda Rossiya fevral oyida joylashtirilgan quruqlikdagi jangovar kuchlarning uchdan bir qismini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin”, deyiladi vazirlik Twitter’ida.

Mudofaa vazirligi hisobotida, Ukrainadagi jangovar harakatlar paytida qancha rus askari halok bo‘lgan yoki yaralanganiga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya yaqin oyda hujum tezligini keskin oshirmasligini taxmin qilmoqda.

Fevral oyida Britaniya razvedkasi Ukraina bilan urushda qatnashgan rus qo‘shinlari sonini qanday hisoblagani aniq emas. Yanvar oyida Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Ukraina bilan chegara yaqinidagi rus qo‘shinlari sonini 100 ming kishi, 13 fevralda 130 ming kishi, 20 fevralda esa 169-190 ming kishi deb hisoblagan edi.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida faqat ikki marta xabar bergan. 2 mart kuni vazirlik 498 kishi halok bo‘lgani va 1597 kishi yaralangani, 25 mart kuni esa 1351 kishi halok bo‘lgani va 3825 kishi yaralangani haqida ma’lum qilgan edi.

Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining 15 maydagi ma’lumotlariga binoan, Rossiyaning jangovar yo‘qotishlari 27,4 ming kishini tashkil etadi.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

175

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing