Putin vaqtni cho‘zish strategiyasini qo‘llayapti – Mers

Olam

image

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarda vaqtni cho‘zish strategiyasini qo‘llayotganini aytdi. Bu haqda u bugun, 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Unga ko‘ra, Moskva Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy uchrashuvini oldindan belgilangan shartlarga bog‘lab, uni imkonsiz holatga keltirmoqda. Mers bunday talablarni Germaniya ham, Ukraina ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblashini ta’kidlagan. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp Alyaskada Putin bilan, keyinroq esa Vashingtonda Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan uchrashgach, ikki hafta ichida Putin va Zelenskiyning yuzma-yuz uchrashuvi bo‘lib o‘tishi mumkinligini bildirgandi. Ammo bu muddat yakuniga yetmoqda. Mersning fikricha, agar Rossiya zarur qadam tashlamasa, G‘arb yangi bosim choralarini qo‘llashi lozim. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalarni tayyorlamoqda.

Mark Karni ham Putinning Zelenskiy bilan uchrashuvdan qochayotganini aytib, bu jarayonni ataylab cho‘zayotganini bildirgan. U Kanadaning Ukraina tinchligi va xavfsizligiga o‘z hissasini qo‘shishini, lekin buning uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish va Ukrainaga harbiy yordamni kengaytirish zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, uning fikricha, muhim omillardan yana biri ishonchli xavfsizlik kafolatlari bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Ukraina bo‘yicha muzokaralarni cho‘zmaslikni talab qilgandi va aks holda Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rossiya Ukraina Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing