Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralar stoliga qaytishga tayyor – Putin
Olam
−
19 fevral 2025 6160 2 daqiqa
Rossiya tomoni Ukraina mojarosini hal qilish uchun muzokaralar stoliga qaytishga tayyor. Bu haqda bugun, 19 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Ukraina Rossiya va AQSH delegatsiyalarining Ar-Riyoddagi uchrashuvida ishtirok etmagani uchun ularning “ajralib” qolishiga asos yo‘q, chunki hech kim Kiyevni muzokaralar jarayonidan chetlashtirmayapti.
“Rossiya hech qachon Ukraina bilan muzokara jarayonidan bosh tortmagan, hech qachon. Bizning bu muzokaralardagi hamkorlarimiz rad etdi, yevropaliklar Rossiya bilan aloqani to‘xtatdi, Ukraina tomoni esa o‘ziga muzokaralar olib borishni taqiqlab qo‘ydi, Istanbuldagi muzokara jarayonidan chiqdi va buni to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiq aytdi”, degan Putin jurnalistlarga.
Putinning aytishicha, Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot chog‘ida AQSH Prezidenti muzokara jarayoni Rossiya va Ukraina ishtirokida o‘tishini ta’kidlagan.
Rossiya yetakchisining aytishicha, u Donald Trampga qisqa vaqt ichida Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilishning iloji yo‘qligi haqida allaqachon aytgan va AQSH Prezidenti qo‘shimcha ma’lumot olgach, bu masala bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan.
“Hozir muddatlar haqida gapirmaylik. Lekin bu tabiiy, bu yerda alohida narsa yo‘q. U ma’lumot olishni boshladi, shuning uchun biroz vaqt kerak”, degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 fevral kuni brifingda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaraga tayyorligi, biroq Rossiya Zelenskiy hokimiyatini qonuniy emas deb hisoblashini ham inobatga olish kerakligi haqida gapirgandi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putinning shaxsan o‘zi Zelenskiy bilan muzokaralar olib borish istagi borligini bir necha bor bildirgan.
Live
Barchasi