Rossiya “Turk oqimi” orqali gaz yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatadi

Olam

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 21 iyunidan 28 iyuniga qadar Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi “Turk oqimi” orqali gaz eksport qilishni to‘xtatadi. Bunga gaz quvurida yillik rejali ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab bo‘lgan. Bu haqda kompaniya Matbuot xizmati xabar berdi.

“2022 yilning 21 iyunidan 28 iyuniga qadar “Turk oqimi” gaz quvurining ikkala tarmog‘i bo‘ylab yillik rejali profilaktika ishlari amalga oshiriladi, shu munosabat bilan gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, gaz yetkazib berishni to‘xtatish barcha manfaatdor tomonlar tomonidan oldindan kelishilgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya Turkiyaga Qora dengiz orqali ikki quvurda gaz yetkazib beradi. “Moviy oqim” 2003 yil boshida foydalanishga topshirilgan va loyiha quvvati 16 milliard kub metrni tashkil qiladi. Quvurning umumiy uzunligi – 1213 km. 

“Turk oqimi” eksport gaz quvuri ikkita liniyadan iborat bo‘lib, ulardan biri turk iste’molchilarini gaz bilan ta’minlash, ikkinchisi Janubiy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlariga gaz yetkazib berish uchun mo‘ljallangan. “Turk oqimi”ning umumiy quvvati 31,5 milliard kub metrni tashkil qiladi. Mazkur gaz quvuri 2020 yil yanvar oyida foydalanishga topshirilgan.

2021 yilda “Gazprom” Turkiyaga “Moviy oqim” orqali rekord miqdorda – 15,98 milliard kub metr gaz yetkazib berdi. Umuman olganda, Rossiya Federal bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiya Federatsiyasidan Turkiyaga tabiiy gaz yetkazib berish 26,76 milliard kub metrni tashkil etgan. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Ukrainadagi urush sabab Rossiya gazidan voz kechmasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya “Turk oqimi”

Baholaganlar

346

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing