Rossiya tun bo‘yi Ukrainaga dron va qanotli raketalar bilan hujum qildi
Olam
−
25 fevral
8027Bugun, 25 fevralga o‘tar kechasi Rossiya yana bir bor Ukraina hududini yirik havo hujumiga uchratdi. Rossiya qo‘shinlari qanotli raketalarni va “Shahed” hujumchi dronlarini uchirdi. Bu haqda Ukraina harbiy-havo kuchlari xabar berdi.
Rossiyaning qanotli raketalari Tu-95 strategik bombardimonchi samolyotlaridan Saratov viloyatidagi Engels shahridan uchirilgan va Cherkas viloyatida kuzatilgan. Keyin raketalar yo‘nalishini bir necha marta o‘zgartirgan.
“Shahed”larning parvozlari tun bo‘yi Ukrainaning ko‘plab hududlarida qayd etildi. Kiyev, Xarkov, Dnepropetrovsk, Xerson, Donetsk, Nikolayev, Jitomir, Vinnitsa va Chernigov viloyatlarida turli vaqtlarda dron hujumi xavfi e’lon qilingan.
Kechasi Kiyev viloyatida havo hujumi haqida signal e’lon qilindi va Rossiya dronlarining parvozlari haqida ogohlantirishlar berildi.
Ertalab harbiy ma’muriyat Obuxovskiy tumanidagi zarbalar oqibatida mahalliy aholidan biri yaralangani haqida xabar berdi. Fastovskiy tumanida xususiy uylar shikastlangan.
Xerson harbiy ma’muriyati havo hujumi signali haqida bir necha bor xabar bergan, shuningdek, 20 fevral kuni otishma oqibatida yaralangan mahalliy aholi shifoxonaga kelgani haqida xabar bergan. O‘shanda Rossiya aviabombasi ko‘p qavatli binoga tushib, ikki kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi, jumladan, bolalar yaralangan.
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina dron hujumi haqida xabar berdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari 19 ta dronni, aksariyatini Bryansk viloyati osmonida, urib tushirgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 267 ta dron uchirgandi. Xarkov, Poltava, Sumi, Kiyev, Chernigov, Cherkasi, Kirovograd, Jitomir, Xmelnitskiy, Rovno, Nikolayev, Odessa va Dnepropetrovsk viloyatlarida 138 ta dronni urib tushirilgan. Yana 119 ta dron zarar yetkazmasdan yerga qulagan, uchtasi Belorusga, biri Rossiyaga qaytgan.