Rossiya Toshkentdagi maktabda kaltaklangan bola bo‘yicha O‘zbekistondan tushuntirish so‘radi
3-sahifa
−
26 Sentabr
18377Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi birinchi ish kunidan 6-sinf o‘quvchisini ayovsiz kaltaklagani haqida xabar berilgandi. Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistondan mazkur holatga izoh berishini so‘radi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova xabar berdi.
Zaxarova mazkur holat aks etgan video mazmunidan nihoyatda tashvishlanganini bildirdi.
“Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasidagi adovatga o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, deydi u.
Zaxarova Rossiya O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘raganini bildirdi.
“Bu masalani diqqat-e’tiborimiz markazida tutamiz”, deya xulosa qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.
Rossiya tushuntirish talab qilayotgan voqea 23 sentyabr kuni taxminan soat 15:00 lar atrofida Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. 6-“V” sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Videoda o‘qituvchi bolani kurakda turmaydigan gaplar bilan haqorat qilib, doskaga qisib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, bir necha marta urgani aks etgan.
Bundan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.
Bolaning onasi aytishicha, sinf rahbari ham bolaga bunday zo‘ravonlik sodir bo‘lganidan xabar topgan bo‘lsa-da, vaziyatni to‘liq o‘rganmay, bolani eshitmay, hodisaga uning o‘zi aybdorligini aytib, butun sinf oldida o‘qituvchidan kechirim so‘rashga bolani majbur qilgan. Bunday munosabat natijasida, bola hozirda juda tushkun holatda ekanligi va maktabga borishni istamayotganligini bildirib, ona Bolalar ombudsmanidan farzandining buzilgan huquqlarini himoya qilishni so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining IIV va MMTV ga so‘rovi asosida mazkur holat o‘rganilmoqda.
Hozirda Chilonzor tumani IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
LiveBarchasi