Rossiya TIV O’Sallivanning O‘zbekistonda aytgan gaplarini hurmatsizlik deb atadi

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivanning O‘zbekistonga kelishidan maqsadi Toshkentning Moskvaga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarga qanday amal qilayotganini tekshirish bo‘lganini da’vo qilmoqda. Bu haqda Rossiya TIVga tayanib, RBK xabar berdi.

Aytilishicha, G‘arb davlatlari Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorligiga putur yetkazmoqchi. Shu bilan birga, vazirlik Yevropa Ittifoqi alohida davlatlar Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermasligi uchun ularga “ochiq bosim” o‘tkazmoqda, deb hisoblashini bildirgan.

“Har qanday vositalar qo‘llaniladi – siyosiy shantaj va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘rqitishdan tortib infratuzilma loyihalariga ko‘p millionli sarmoya ajratish va’dalarigacha. Biz buni suveren davlatlarga, ularning manfaatlari va rivojlanish istiqbollariga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik, diplomatik aloqalar me’yorlariga qo‘pol e’tiborsizlik sifatida baholaymiz”, deyiladi vazirlik xabarida. 

Tashqi ishlar vazirligi bu ichki siyosiy va mintaqaviy barqarorlikka putur yetkazishi va xalqaro iqtisodiy tizimga tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirgan. Rossiya TIV Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivanning aprel oyi oxirida Toshkentga tashrifiga shunday munosabat bildirgan. 

Ta’kidlanishicha, O’Sallivan rasmiy Toshkentning Rossiyaga nisbatan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bermaslikka va’da bergani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan va agar Yevropa Ittifoqi o‘zbek kompaniyalarining bunday yordamini payqasa, ularning o‘zlari ham sanksiyalar ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan. O’Sallivanning aytishicha, Bryussel O‘zbekiston orqali Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidagi mahsulotlarni (blok-sxema, mikrochiplar, optik uskunalar va boshqalar) eksportini 126 foizga oshirgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining fikricha, O’Sallivan O‘zbekistonga Bryusselning iqtisodiy siyosatini Rossiyaga qarshi cheklovlarga rioya qilganliklarini tekshirish uchun kelgan va choralarga rioya etilishi ustidan nazorat “doimiy bo‘lishini” ochiq aytgan.

“Ishonchimiz komilki, G‘arb mamlakatlari uchun juda yaxshi tanish bo‘lgan va tarixan o‘z farovonligini boshqa davlatlar va mintaqalar resurslaridan cheksiz foydalanish asosida qurgan bunday yondashuvlar zamonaviy dunyoda o‘rin yo‘q”, deyiladi TIV xabarida.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo sherigi bo‘lib qolmoqda, davlatlararo o‘zaro savdo o‘sib bormoqda. 

“Biz ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarimiz bundan keyin ham rivojlanib borishiga ishonchimiz komil. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, noqonuniy sanksiyalar faqat milliy ishlab chiqaruvchilar va umuman xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini rag‘batlantiradi”, deya xulosa qilgan TIV.

Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi rahbariyati va AQSH rasmiylari Rossiyaning eng yaqin savdo hamkorlari orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishiga alohida e’tibor bera boshlagan. Bryusselning ta’kidlashicha, Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishning kamayishi bilan birga bunday mamlakatlarga eksport oqimi keskin o‘sgan. O’Sallivan fevral oyida Rossiyaning qo‘shnilarida to‘satdan juda ko‘p yangi ehtiyojlar paydo bo‘lganini aytgan. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, savdodagi bunday dinamika birinchi navbatda Qozog‘iston, Turkiya, Armaniston va Qirg‘izistonga nisbatan aniqlangan. “Financial Times” va “Eurasianet” nashrlari 1 apreldan Qozog‘iston sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish uchun real vaqt rejimida tranzitda bo‘lgan tovarlarni kuzatishni boshlaganini xabar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Evropa Ittifoqi sanktsiya O’Sallivan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing