Rossiya tez orada Ukrainaga hujum qiladi – Blinken
Olam
−
19 yanvar 2022 13930 2 daqiqa
Rossiya tez orada Ukrainaga hujum qiladi. Bundan tashqari, mamlakatni dahshatli xatar kutmoqda. Bu haqda bugun, 19 yanvar kuni Kiyevda Prezident Vladimir Zelenskiy bilan o‘tgan uchrashuv chog‘ida AQSH davlat kotibi Blinken ma’lum qilgan.
AQSH vakili Ukraina rahbari bilan uchrashuvda Rossiya tomonidan ortib borayotgan tahdidlarga qarshi turishda Kiyevga AQSHning ko‘magini taklif qilib, xatarlarli vaziyatda G‘arb Ukrainani yolg‘izlatib qo‘ymasligini bildirgan.
Chegara hududida 100 minglab qo‘shin to‘playotgan Rossiya yaqin orada Ukrainaga hujum qilishi haqidagi xavotirlar AQSH va NATO davlatlarining qizg‘in muhokamasi va ogohlantiruvchi bayonotlariga sabab bo‘lmoqda.
Rossiya nomiga yo‘llangan ana shunday ogohlantirishlardan yana biri bugun Qo‘shma Shtatlar vakili tomonidan yangradi.
“Rossiya Ukrainani zaiflashtirish va mamlakat demokratiyasiga putur yetkazish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishlarni qilmoqda. Ukrainada saylovlarga aralashish, kiber hujumlar yo‘li bilan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish shular jumlasidan. Agar Rossiya Ukrainaga qarshi agressiyani davom ettiradigan bo‘lsa, AQSH va G‘arb Moskavani iqtisodiy muammolar bilan “siylaydi. Buning uchun Rossiya, albatta, tovon to‘laydi. NATO va AQSH Kiyevga harbiy salohiyatini yaxshilash uchun yaqindan ko‘maklashishda davom etadi”, deya bildirgan Blinken Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kubela bilan o‘tgan uchrashuv chog‘ida.

Ma’lum qilinishicha, joriy hafta oxirida AQSH rasmiysining Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham uchrashishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Oq Uy Matbuot kotibi Jen Psaki Rossiya qachon Ukraina hududiga bostirib kirishi haqida ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, Moskva Kiyevga joriy yilning yanvar-fevral oylarida hujum qilishni ko‘zlamoqda.
“Biz Rossiya hukumati bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xavotirdamiz. Biz buni avval ham ko‘rganmiz. Bu voqealar bizga 2014 yil, Rossiya Ukraina sharqidagi kuchlarga qarshi hujum qilish uchun ularga qarshi sabotaj va axborot operatsiyalari uyushtirgan paytni eslatmoqda. Rossiya harbiy rejalari yanvar va fevral o‘rtalarida boshlashi mumkin”, degan Psaki.
Buning ortidan Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini “soxta va axborot bosimi” deya atagan.
Behruz Saidov