Rossiya Eronga yashirincha pul jo‘natdi – OAV
Olam
−
09:13 4190 2 daqiqa
Rossiya Eron rejimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tehronga yashirin ravishda milliardlab dollar miqdoridagi naqd pullarni yuborgan. Banknotlar poyezdlar va kema orqali tashilgan. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning davlatga qarashli banki to‘rt oy davomida umumiy qiymati qariyb 2,5 milliard dollar bo‘lgan naqd pul yetkazib berishni amalga oshirgan.
Tramp prezidentlikdagi ilk muddati davomida Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etganidan so‘ng deyarli besh tonna banknot 34 ta partiya ko‘rinishida jo‘natilgan.
Qo‘lga kiritilgan hujjatlarga ko‘ra, har bir partiyaning qiymati 57 milliondan 115 million dollargacha bo‘lgan va ular Moskvadan Tehrondagi Eron Markaziy bankiga yuborilgan.
Shu tariqa Moskva va Tehron sanksiyalar hamda an’anaviy moliyaviy kanallarni chetlab o‘tgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ilgari taxmin qilingandan ancha chuqurroq ekanini ko‘rsatadi.
Birinchi jo‘natma 2018 yil 13 avgustda, ya’ni AQSH sanksiyalari to‘g‘risidagi farmon imzolanganidan bir hafta o‘tib amalga oshirilgan. U 57,3 million dollar qiymatidagi 110 kilogramm naqd puldan iborat bo‘lgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, yuk temir yo‘l orqali Astraxonga yetkazilgan, so‘ng Kaspiy dengizi orqali Eronning Amirabad portiga olib borilgan va u yerdan yana temir yo‘l orqali Tehronga yuborilgan bo‘lishi mumkin.
“ImportGenius” xizmati taqdim etgan savdo yozuvlari tonnalab naqd pullar to‘g‘ridan to‘g‘ri Islom Respublikasi Markaziy bankiga yetkazilganini tasdiqlaydi. Har ikki moliyaviy muassasadan bu borada izoh so‘ralgan.
O‘sha paytda Eron Markaziy bankiga Abdolnosir Hemmati rahbarlik qilgan bo‘lib, u sanksiyalar kuchaytirilgan davrda ushbu muassasani boshqargan.
AQSHning Eron bo‘yicha maxsus vakili sobiq o‘rinbosari Richard Nefyuning so‘zlariga ko‘ra, bunday pul o‘tkazmalari Eron iqtisodiyotini barqarorlashtirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 fevral kuni Ummon poytaxti Maskatda Tehron va Vashington o‘rtasida yadro masalasi bo‘yicha muzokaralar yakunlangandi.
Live
Barchasi