Rossiya tanqidchilari Parijda Makronning haykalini o‘g‘irlab ketdi (video)
Olam
−
03 iyun 2025 3806 2 daqiqa
Kecha, 2 iyun kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning haykali Parijdagi “Greven” mum haykallar muzeyidan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.
Aniqlanishicha, ikki ayol va bir erkakdan iborat uch nafar shaxs muzeyga oddiy mehmonlar sifatida kirgan va hojatxonada muzey xodimlari formasini yashirincha kiygan. Ular Fransiya Prezidentining haykalini zaxira chiqish eshigi orqali olib chiqib ketgan. Taxminan 40 ming yevro turadigan Makronning mumdan yasalgan haykali adyol bilan o‘ralgan.
Hodisadan ko‘p o‘tmay muzeyga o‘zini Greenpeace tashkilotining faoli deb tanishtirgan erkak qo‘ng‘iroq qilib, aynan o‘zi va uning sheriklari haykalni o‘g‘irlaganini bildirgan.
Haykal Parijdagi Rossiya elchixonasi binosi oldiga olib borilgan va u yerda: “Ukraina yonmoqda, biznes davom etmoqda”, degan banner yoniga o‘rnatilgan. Faollar, shuningdek, “Uran”, “Gaz” degan yozuvlarni ham joylashtirib, urush fonida Fransiya va Rossiya o‘rtasida davom etayotgan energetika hamkorligiga ishora qilgan.
Greenpeace’ga ko‘ra, 2024 yilda Fransiya Rossiyaning suyultirilgan gazining Yevropadagi eng yirik importchisiga aylangan, shuningdek, kimyoviy o‘g‘itlar importini oshirgan. Tashkilot bosh kotibi Jan-Fransua Jyulyar esa Makronni Rossiya bilan savdo aloqalarini davom ettirayotganini tanqid qilmoqda. Hozirda voqea yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Bosh prokuraturasi 2023 yil mart oyida Greenpeace’ni “chet el agentlarini moliyalashtirgani va Rossiyaga qarshi tashviqot olib borayotgani uchun” nomaqbul tashkilot deb e’lon qilgan. Tashkilot esa bu qarorga munosabat bildirar ekan, Rossiyadagi 1992 yildan beri faoliyat yuritayogan bo‘limi tugatilganini e’lon qilgan va Bosh prokuraturaning qarorini “bema’ni, mas’uliyatsiz va buzg‘unchi qadam, mamlakat manfaatlarini himoya qilish bilan umuman bog‘liq emas”, deb baholagan.
Live
Barchasi