Rossiya Suriyadagi lagerdan bolalarni qutqarishga chaqirdi. O‘zbekiston bu borada faol

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili o‘rinbosari Gennadiy Kuzmin xalqaro hamjamiyatni bolalarni Suriyaning shimoli-sharqidagi Al-Xol qochqinlar lageridan qutqarishga chaqirdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoda.

Ma’lum qilinishicha, u xalqaro huquqqa, shu jumladan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, davlatlar o‘z fuqarolarini vatanga qaytarishi, shuningdek, fuqarolarning farzandlari fuqaroliksiz qolmasligi uchun choralar ko‘rishi kerakligini aytib o‘tgan.

Kuzminning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar ushbu bolalarni himoya qilish va ularning uylariga xavfsiz qaytib kelishlarini ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari kerak.

Doimiy vakil o‘rinbosari Rossiya hukumati qurolli to‘qnashuv holatida bo‘lgan mamlakatlardan bolalarni o‘z vataniga qaytarishda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi.

Iroq va Suriyadagi qamoqxonalardan bolalarni qaytarish operatsiyasi bir necha yildan beri davom etmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2017 yilda sobiq SSSR mamlakatlaridan to‘qqiz mingga yaqin jangarilar Suriyada jang qilayotgani to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Shu sababli, so‘nggi bir necha yil ichida Rossiyadan erlari va otalari terrorchilar tomonidan yollangan mingdan ziyod ayollar va bolalar olib kelingan.

“Mehr operatsiyalari”

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan hududlardan ayollar va bolalarni qaytarishga oid seriyali “Mehr” operatsiyalarini amalga oshirmoqda. O‘zbekiston jami 5 marta “Mehr” operatsiyasi doirasida ayollar va bolalarni vatanga qaytardi.

Joriy 30 aprel kuni shunday operatsiyalarning navbatdagi – “Mehr-5” amalga oshirildi. Mazkur insonparvarlik operatsiyasi natijasida urush harakatlari davom etayotgan Suriyadagi 93 nafar o‘zbekistonlik ayol va bolalar olib kelindi.

Maxsus reysni kutib olishda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri Umidjon Nozimjonovning so‘zlariga ko‘ra, urush harakatlari davom etayotgan “qaynoq nuqta”lardan olib kelingan 69 nafar bolaning 7 nafari chin yetimlardir. Suriyadan olib kelingan shaxslarning 24 nafari ayollar.

Eslatib o‘tamiz, “Mehr” operatsiyasi ilk marta 2019 yilning may oyida o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan Vatanga qaytarilgan. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingan.

Shuningdek, “Mehr-2” operatsiyasi o‘tgan yilning oktyabr muvaffaqqiyatli yakunlangan. 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan o‘zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingandi. Iroq davlati hukumati va UNICEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda ona Vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida og‘ir sharoitda yashayotgan edi.

“Mehr-2” insonparvarlik amaliyoti doirasida olib kelingan 39 o‘g‘il va 25 qiz bolaning orasida 14 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan jajji bola bor edi.

"Mehr-3" operatsiyasi esa o‘tgan yilning 8 dekabr kuni amalga oshirilgandi. O‘shanda 98 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 25 nafar ayol va 73 nafar bola Yaqin Sharq mintaqasidan Vatanga qaytarilgan.

Joriy yilning 2 mart kuni "Mehr-4" operatsiyasi o‘tkazilib, Afg‘onistondagi 24 nafar vatandosh O‘zbekistonga olib kelingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya Suriya Iroq BMT “Mehr”

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing