Rossiya Suriyadagi bazalarini saqlab qolishi mumkin, agar...
Olam
−
07 fevral 2025 11972 2 daqiqa
Suriya Damashq manfaatlariga xizmat qiladigan kelishuvga erishilsa, Rossiyaga O‘rtayer dengizi sohilidagi – Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalarini saqlab qolish imkoniyatini berishga tayyor. Bu haqda Suriya mudofaa vaziri Murhaf Abu Qasra “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bundan Suriya uchun foyda olsak, ha”, degan u jurnalistlarning tegishli savoliga javoban.
Qayd etilishicha, Abu Kasra bu bilan Suriyaning yangi hukumatining yangi ittifoqlar tuzishni rejalashtirayotgan va avvalgi tuzum tuzganlarini qayta ko‘rib chiqayotgan pragmatik yondashuvni ta’kidladi.
Abu Kasraga ko‘ra, 2024 yil dekabrida mamlakatning sobiq prezidenti Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng Rossiyaning Suriyaning yangi hokimiyatiga munosabati “sezilarli darajada yaxshilangan.
WP mualliflari fikricha, endilikda Moskva xalqaro qonuniylik va qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, Suriyaning yangi hukumatiga “o‘zi xohlagan narsani” berishi mumkin: Rossiyaga qochib ketgan Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad.
Abu Kasra Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Bashar Asadni ekstraditsiya qilishni so‘raganligini to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlashdan bosh tortgan. biroq, manbaga ko‘ra, muzokaralar davomida Asadni javobgarlikka tortish masalasi ko‘tarilgan.
“Yaqin-yaqingacha suriyalik isyonchilarning asosiy yetakchilaridan biri Abu Qasr kabi jangarilar doimiy ravishda Rossiya harbiy samolyotlari tomonidan bombardimon qilinardi”, deyiladi maqolada.
Ammo Abu Qasr bir paytlar Asadning kuchli ittifoqchisi bo‘lgan Moskvani nazarda tutib, “siyosatda doimiy dushmanlar yo‘q”, degan intervyu davomida.
Suriya mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, Damashq hozirda ko‘plab davlatlar bilan mudofaa bo‘yicha kelishuvlar tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda hamda “AQSH va Turkiya bilan ularning harbiy bazalari holati bo‘yicha nozik muzokaralar olib bormoqda”.
Ma’lumot uchun, o‘tgan oyda Suriyaning yangi o‘tish davri hukumati Rossiya kompaniyasi bilan Tartus dengiz portini boshqarish bo‘yicha kelishuvni bekor qildi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Tartus portidagi Rossiya harbiy bazasidan harbiy texnikalarni olib chiqish boshlanganini va yuklash jarayonini Rossiya harbiy floti jangovar kemasi kuzatib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu orada OAVda Turkiya Suriyada ikkita harbiy baza qurib, u yerga F-16 qiruvchi samolyotlarini joylashtirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Rossiya delegatsiyasi hokimiyat almashganidan keyin ilk bor Suriya poytaxti Damashqqa tashrif buyurgan. Tashrif davomida Rossiya vakillari Suriyaning yangi hokimiyati a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Shundan so‘ng, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Federatsiyasi Suriyaning yangi hukumati vakillari bilan muloqotni davom ettirishi haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Suriya Rossiya uchun muhim davlat ekanini ham ta’kidlagandi.
Live
Barchasi