Rossiya so‘nggi manzilga yetib keldi. Yadro quroli ishlatiladimi?
Tahlil
−
29 may
48799825 kun. Zamonaviy dunyoda keng ko‘lamdagi urush bilan davom etadigan mintaqaviy mojaro uchun juda katta muddat. Globallashgan yangi dunyo tartibida yer yuzining qaysi nuqtasida muammo sodir bo‘lmasin, bu salbiy jarayon qolganlarni ham o‘z domiga tortadi. Shunday ekan, barcha birdek bo‘lmasa-da, aksar dunyo davlatlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning yakunlanishidan manfaatdor. Biroq bu holatda urushning tugal nuqtasi hali ko‘rinadiganga o‘xshamaydi. Vaziyat tashqi bosimlarning jiddiylashuvi va G‘arbdagi hukumatlarning urushning borishi to‘g‘risidagi pozitsiyasi keskin o‘zgarishini talab qildi.
Dastlab o‘zi tomonidan yuborilayotgan qurollar faqat mudofaa maqsadlarida qo‘llanilishi mumkinligini tinmay uqtirib kelayotgan Ukrainaning urushdagi hamkorlari endilikda ularning Rossiya hududida ham foydalanilishiga qarshi emas. Rossiya hududiga zarba berish uchun qat’iy taqiq qo‘ygan va buning oqibatlari juda yomon bo‘lishi xususida muttasil bayonot berib kelgan davlatlar endilikda bu cheklovdan voz kechishni boshladi. Urush avvalida G‘arb uchun ikkita jiddiy tabu bor edi. Bular: Ukrainaga qo‘shin yubormaslik va yuborilayotgan qurollarning Rossiya Federatsiyasi hududida qo‘llamaslik. Ayni damda urushning ikki yili ortda qolib, uchinchi taqvim yili ham boshlangani Ukrainani har tomonlama qo‘llab kelayotgan davlatlar tomonidan ushbu mojaroga nisbatan o‘z yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishga olib keldi. Dastlab hammani hayratda qoldirgan holda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Ukraina hududiga fransuz qo‘shini yuborilishi mumkinligini shama qilgan va bu so‘zlari uchun tanqidlar ostida qolgandi. Biroq bu kabi signallar to‘xtamadi. Keyinchalik Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken hamda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va yana boshqa bir qancha Yevropa davlatlari rasmiylari tomonidan Ukrainaga yuborilayotgan qurollarning Rossiyaga zarba berishi mumkinligi haqidagi bayonotlari birin-ketin yangray boshladi. Bu esa bugunki kunda Ukraina Rossiya hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘t ochish ehtimolini tubdan oshirmoqda va mazkur jarayon sodir bo‘ladigan bo‘lsa, bizni jiddiy tragedik sahnalar kutyapti, deb bemalol taxmin qilish mumkin.
G‘arb pozitsiyasining o‘zgarishi
Rossiya urushdan ko‘zlagan maqsadlariga yeta olmayapti. Ukraina esa ruslar tomonidan qo‘yiladigan shartlar asosida muzokaralar olib borishga rozi emas. Urush esa nafaqat ushbu ikki slavyan davlatlarining tinkasini quritdi, balki juda ko‘plab mamlakatlarning bir qancha sohalariga jiddiy zarar yetkazdi. Ikki yillik ijobiy kutish o‘z ishini bermadi va kollektiv G‘arb yumshoq ta’sir choralar qo‘llash yo‘lidan endilikda o‘ta jiddiy ishlarni amalga oshirishga o‘tgandek taassurot qoldirmoqda. Biroq ilgari holat bunday emas edi. Ukrainaga G‘arbdan yetkazib berilgan har bir qurol uchun ular faqat Ukraina hududida qo‘llanilishi haqida shart qo‘yib kelindi. Rossiya hududi bu masalada mutlaq tabu hisoblanar edi. Urush ishtirokchisiga aylanib qolmaslik G‘arb uchun ustuvor vazifa bo‘lib, ular bu maqomdan doimiy ravishda masofa saqlab keldi. Bu qat’iy masofa “qo‘rquv sukunati” deya baholangan taqdirda yevropalik siyosatdonlar Ukraina-Rossiya masalasidagi qarorlarini o‘zgartirmadi. Biroq endi rasmiylarning pozitsiyasida keskin burilishlar ro‘y berdi. Ko‘hna qit’ada sentrist maqomidagi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ushbu tendensiyani boshlab berdi.
May oyi boshida Fransiya Prezidenti “The Economist” nashriga bergan intervyusida agar front chizig‘i buzilgan holatda Kiyev rasman yordam so‘rasa, Parij Ukrainada qadam qo‘yishi mumkinligini aytdi. Deyarli bir vaqtda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron “Reuters” agentligiga Britaniya Kiyev rejimiga o‘zi taqdim etgan qurollar bilan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishga ruxsat berganini ma’lum qildi. Bu rostmanasiga urushni yangi bosqichga olib chiquvchi voqelik bo‘ldi. Endilikda ukrain iqtidorida o‘z qurollaridan agressorga qarshi mamlakat hududidan tashqarida ham foydalanishga ruxsat beruvchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirish harakatlari ustuvor masalaga aylandi. Oliy Rada deputatlari bu boradagi o‘z yurishlarini Qo‘shma Shtatlardan boshlagan holda, okean ortiga yo‘l olgandi.
May oyining o‘rtalarida Ukraina delegatsiyasi AQSH Kongressini Rossiya hududiga zarba berish uchun Amerika qurolidan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishini so‘rab, Vashingtonga keldi. Qayd etilishicha, uzoq masofali qurollarni Ukrainaga topshirgan Bayden ma’muriyati ulardan Rossiya hududiga hujumlar uchun foydalanilmasligini shart qilib qo‘ygan. Bu taqiq Ukraina Qurolli kuchlarining Xarkov viloyatida rus qo‘shinlarining kuchayib borayotgan hujumi fonida Rossiya pozitsiyalariga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ukraina parlamentining qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bo‘yicha komissiyasi rahbari Aleksandra Ustinovaning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan oldin Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya chegarasidan bir-ikki kilometr uzoqlikda rossiyalik harbiy xizmatchilarini ko‘rgan, biroq ular bu borada hech narsa qila olmagan.
“Siz bizga tayoq berasiz, lekin uni ishlatishimizga ruxsat bermaysiz”, degan u Bayden ma’muriyatiga ishora qilib. Hukmron “Xalq xizmatchisi” partiyasi raisi David Araxamiya Vashingtonga tashrifi chog‘ida Oq uyning Rossiya ichidagi hujumlarini cheklash siyosatini “asosiy muammo” deb atagan.
Ukraina parlamentariylari AQSH kongressmenlarining 10 dan ortiq idoralarida ularni Oq uyga ta’sir o‘tkazishga ishontirish uchun uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Politico”. Biroq ushbu tashrif amalga oshirilgan paytda, ikki amerikalik rasmiyning nashrga aytishicha, Bayden ma’muriyatining siyosati o‘zgarmagan va yordam Rossiya hududiga qaratilgan hujum operatsiyalariga emas, balki mudofaa uchun mo‘ljallanganligini ta’kidlayotgan edi. Biroq oradan bir hafta o‘tib ushbu tashrifning natijasi darhol sezildi va bu AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Kiyevga “kutilmagan tashrif”idagi bayonotida aks etdi. Rossiya hududiga qurolli zarbalarini taqiqlash masalasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi. AQSH Prezidenti ma’muriyatida taqiqni yumshatish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, Blinkenning taklifi shakllanish bosqichida, biroq Oq uyning qancha vakili tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani hozircha noma’lum. Aytishlaricha, davlat kotibining pozitsiyasi Rossiya armiyasining Xarkov viloyatidagi hujumi tufayli o‘zgargan. Biroq Oq uyning pozitsiyasi o‘zgarishi mushkul. Sababi Qo‘shma Shtatlar ayni damda o‘rtaga tashlash uchun yetarlicha “xo‘rak” bor bo‘lgan pallada maydon markaziga chiqish ehtimoli juda past.
Mazkur mazmundagi bayonotlar fonida Rossiya ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Rus qo‘shinlari Janubiy harbiy okrugda taktik yadro qurollari bilan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari doirasida Janubiy harbiy okrugning raketa tuzilmalari “Iskander” operativ-taktik raketa majmuasi uchun o‘q-dorilarni qabul qilish, shuningdek, raketalarni uchirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun jihozlash va yashirin ravishda pozitsiya zonasiga o‘tish amaliyotini o‘tkazmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar g‘arb rasmiylarining Rossiyaga qarshi provokatsion bayonotlari va tahdidlariga javoban o‘tkazilayotganini yana bir bor eslatgan. O‘z o‘rnida, Kremldagi mulozimlar amaliy harakatlardan tashqari, og‘zaki ogohlantirishlar bilan ham Yevropadagi hukumatlarni va AQSHni hovuridan tushirishga urindi. Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarova, agar Britaniya qurollari Ukraina tomonidan Rossiya hududiga zarba berish uchun ishlatilsa, Moskva Britaniya nishonlariga zarbalar berish bilan javob qaytarishini ma’lum qildi.
Sirtdan qaraganda vaziyat ancha chigallashgan mahalda, Ukraina-Rossiya urushi boshlangandan buyon neytral maqomga juda qattiq o‘rnashib olgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban yana maydon markazida qit’a davlatlariga qarshi qaratilgan bayonoti bilan paydo bo‘ldi. Bryussel NATOning Ukrainadagi harbiy missiyasini rejalashtirayotgani haqida so‘z ochgan Orban ayrim ishchi guruhlar NATO bu urushda qanday ishtirok etishi haqidagi rejalar ustida ishlayotganini bildirdi. Bu juda jiddiy ayblov bo‘lib, siyosatchi Budapesht blok mamlakatlarini Ukraina mojarosiga bevosita jalb etishi va Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv boshlashi mumkin bo‘lgan NATO harakatlarida ishtirok etish niyatida emasligini ham aytib o‘tdi.
Rossiyani xavotirga solayotgan bayonotlar
Boshqa davlatlardan yordam tariqasida yuborilgan qurollarning ruslarga qarshi Rossiya hududida ishlatilishga ruxsat berish borasidagi gap-so‘zlar yuqoridagilar bilan cheklanib qolmadi. Bu boradagi jiddiy qarashlar hukumat darajasidan mintaqaviy ittifoq va yirik tashkilotlarga ko‘chdi. Xususan, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg butun dunyo hukumatlari Ukrainaning Rossiya ichidagi rus qo‘shinlariga hujum qilish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishiga qo‘yilgan taqiqlarni qayta ko‘rib chiqishi kerakligini va bu cheklovlar Ukraina qo‘shinlarining o‘z mamlakatini himoya qilish qobiliyatini pasaytirayotganini aytdi. Stoltenberg Rossiyaning 2022 yil boshida boshlangan Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi xalqaro huquqni buzish ekanligini va Ukraina o‘zini himoya qilish, jumladan “Ukraina tashqarisidagi qonuniy nishonlarga” zarba berish huquqiga ega ekanini aytdi. Misol tariqasida Stoltenberg Xarkov viloyatidagi vaziyatni keltirdi.
“Rossiya qo‘shinlari Rossiya hududida bo‘lib, chegaraning narigi tomonida joylashgan Ukraina hududiga hujum qilmoqda. Oldingi chiziq ko‘p jihatdan chegara chizig‘i. Agar siz Rossiya qo‘shinlariga chegaraning narigi tomonida bo‘lgani uchun hujum qilolmasangiz, u holda siz Ukraina kuchlarining o‘zini himoya qilish qobiliyatini sezilarli darajada kamaytirasiz”, deydi NATO Bosh kotibi.
Bu orada Yevropa Ittifoqi rasmiylari ham mazkur masala yuzasidan qolganlar bilan yakdillikni namoyish etdi. Ittifoqning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozef Borrel davlatlarni Ukrainaning o‘zini himoya qilish zarurati bilan keskinlashuvdan qo‘rqishni muvozanatda saqlashga chaqirib, Kiyev Rossiyaga zarba berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga haqli ekanini aytdi. U urush qonuniga ko‘ra, bu mutlaqo mumkinligini bildirdi va Borrel Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlari bilan uchrashuv boshida: “men javob qaytarishim mumkin yoki menga qarshi o‘z hududidan jang qilganga qarshi jang qilishim mumkin” deya so‘z boshladi. Bryusseldagi yig‘ilishda yana bir qancha mudofaa vazirlari Borrelning chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi. Gollandiya Mudofaa vaziri Kaysa Ollongren Niderlandiyada hech qanday cheklovlar yo‘qligini va turli pozitsiyaga ega bo‘lgan boshqa davlatlar buni o‘zgartirishiga umid qilishini aytdi. Estoniyalik Xanno Pevkur Ukrainaga qurol bergan har bir davlat Kiyevga Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berishiga umid qilishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, o‘tgan yaqin bir hafta ichida turli davlatlar siyosiy elitasida shu kabi yana ko‘plab bayonotlar yangradi. Boltiqbo‘yi va Skandinaviyada ham ayni damda muhokama markazidagi qarorni qo‘llab-quvvatlash kayfiyati mustahkamlandi. Boshqa davlatlar qatori rasmiy Stokgolm ham Shvetsiyadan Ukrainaga yuborilgan qurollar Rossiya hududida foydalanilishiga ruxsat bergan bo‘lsa, Estoniya Prezidenti Alar Karis to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya manziliga tahdidomuz bayonot yo‘lladi. U Kremlni tiz cho‘ktirish va shu orqaligina ikki davlat o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatish mumkinligini aytdi.
Hozircha “mayda va jonsiz” bo‘lib ko‘rinayotgan ushbu bayonotlar ortida juda katta potensial shakllanib bormoqda. Buning ta’sirida Ukrainaning rus yerlariga zarbasiga bir necha qadam qolgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.
Qaysi biri ustun – xalqaro huquqmi yoki Rossiya yadro doktrinasi?
Xalqaro huquq normalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Ukraina bu masalada Rossiya hududiga zarba berish huquqiga ega. Rossiya urush boshlagani sababli, Ukraina o‘zini himoya qilish uchun kuch ishlatish huquqiga ega va bu kuch ishlatish faqat Ukraina chegaralari bilan cheklanib qolmaydi. Ya’ni, agarda o‘zini himoya qilish uchun zarurat tug‘ilsa, Ukraina Rossiyaning strategik harbiy ob’ektlariga zarba berishi mumkin. Faqat bu borada ikkita cheklov mavjud. Birinchisi, Ukraina tomonidan mudofaa hujumlari nomutanosib bo‘lmasligi lozim. Bu talab ruslar tomonidan qilingan hujumning ko‘lami doirasida javob qaytarish lozimligini anglatadi. Ikkinchi qat’iy talab esa xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish, ya’ni Rossiya hududiga zarba berilgan taqdirda fuqarolik ob’ektlari (turar-joy, shifoxona, maktab, turli binolar va hokazolar) nishon bo‘lmasligi kerak.
Umuman olganda, Ukrainaning mudofaasi aslida uning hududi bilan cheklanmaydi. G‘arb shu choqqacha vazminlik bilan harakat qilib kelayotgan edi va ular Putin tomonidan o‘zlariga urush tashkilotchisi maqomi berilishiga sabab qoldirmoqchi emasdilar. Biroq mojaroning uzoqqa cho‘zilgani va bu holat Yevropa ichki va tashqi siyosatida “turbulent”lik hosil qilayotgani tufayli G‘arb rasmiylari xalqaro huquqqa murojaat qilish haqida o‘ylay boshladi. Ukrainaning aslida mavjud huquqi endi yodga olindi. Ba’zilarning qarashicha, bu qaror juda kech qabul qilinyapti va xalqaro huquqqa juda kech murojaat qilindi. Ammo holat siyosiy yechimlarni talab qilgan mahal xalqaro huquq o‘z joyini vaziyatdan kelib chiqib qabul qilinadigan siyosiy qarorlarga bo‘shatib beradi. Shunday ekan, G‘arb elitalari ortda qolgan ikki yil davomida bunday qarorga kelishni ma’qul ko‘rmagan bo‘lsa, buning sababi o‘sha paytdagi parametrlar bunga hojat yo‘qligi xususida xulosa bergani bo‘lishi mumkin.
Biroq masalaga faqat xalqaro huquq prizmasidan qarash yetarli emas. Rossiya hududiga zarba berishga qaror qabul qilishda xalqaro huquqdan-da ko‘proq ahamiyat qaratishimiz lozim bo‘lgan jihat mavjud. Bu – Rossiya Federatsiyasining yadro doktrinasi.
Rossiya yer yuzidagi eng yirik yadro arsenaliga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Shu sababli mamlakatning alohida yadro doktrinasi mavjud va ushbu quroldan foydalanish aynan mana shu hujjat asosida tartibga solinadi. Harbiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda, Rossiyaning yadroviy to‘siq bo‘yicha davlat siyosati Rossiya Federatsiyasi uchun maqbul shartlarda urushni tugatishga qaratilgan bo‘ladi. Mazkur konsepsiya urushga kirgan Rossiyaning oldida faqatgina g‘alaba qozonish va aksincha holatda yadro kallaklarini ishga solish kabi ikki yo‘l mavjudligini anglatadi. Biroq bu hammasi emas. 2020 yil iyun oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Yadroviy to‘siqlar sohasida davlat siyosati asoslari” hujjatini tasdiqladi. Ushbu hujjat yadro qurolidan foydalanish shartlarini kengaytirdi.
Bungacha bo‘lgan davrda Rossiya yadroviy doktrinasi asoslari bir qanchani tashkil etardi. Lekin o‘zgarishlar yadro qurolidan foydalanishga sabab bo‘luvchi yana ikki asosni taqdim qildi. Bular quyidagilardir:
- 1. Rossiya va uning ittifoqchilari hududiga hujum qiluvchi ballistik raketalar uchirilganligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish;
- 2. Dushmanning Rossiya Federatsiyasining muhim davlat va harbiy ob’ektlariga ta’siri, ularning muvaffaqiyatsizligi yadroviy kuchlarning javob harakatlarining buzilishiga olib keladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ikkinchi yangi holat eng katta kengaytiruvchi ahamiyatga ega. Ularning so‘zlariga ko‘ra, “dushmanning Rossiya Federatsiyasining muhim hukumat va harbiy ob’ektlariga ta’siri” iborasi juda noaniq va potensial dushmanga ko‘plab savollar tug‘dirishi mumkin. Aynan shular asosidagi “so‘z o‘yini” bugun Ukrainani Rossiya hududiga yoki harbiy ob’ektlarga hujum qilishdan qaytarishi mumkin.
Shu bilan birga, “asoslar”da shunday deyiladi: “harbiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda, Rossiyaning yadroviy to‘xtatib turish sohasidagi davlat siyosati Rossiya Federatsiyasi uchun maqbul shartlarda harbiy operatsiyalarni to‘xtatishga qaratilgan”. Agar keng ma’noda talqin qilinsa, bu qoidani Rossiya rasmiylari mojarolar yo‘lida burilish nuqtasini olib kelish uchun cheklangan miqyosda yadro qurolidan foydalanish mumkin deb hisoblashining rasmiy tasdig‘i sifatida talqin qilish mumkin. Mojaroning o‘tgan davrida shu asosga murojaat qilish haqida bir qancha mish-mishlar bo‘lishiga qaramay, hali ruslar bu asosni amalda qo‘llamadi.
Yakun uchun qanday ssenariylar mavjud?
Butun G‘arb dunyosi Ukrainaga o‘z qurollaridan Rossiyaga qarshi uning xalqaro tan olingan hududida foydalanish huquqini taqdim qilishi ko‘p narsani anglatmaydi. Sababi, Rossiyaning yadro doktrinasini chetlab o‘tib, bunday qarorni qabul qilish uchun o‘ta qat’iy siyosiy iroda talab etiladi. Keng jamoatchilik bugungi holatga unchalik e’tibor qaratmayotgan bo‘lsa-da, vaziyat o‘zining o‘ta qaltis qismiga yetib keldi. Bugun Ukraina borgan sari frontni boy berishga yaqinlashmoqda. Rossiya hududini nishonga olish orqali front chizig‘ini ancha ortga qaytarish muqobili mavjud bo‘lmagan yagona yo‘l bo‘lib ko‘rinmoqda. Biroq Putinning “sanitariya zonasi” haqidagi qo‘pol ogohlantirishlari va yadro doktrinasi ularni bu qarordan qaytarmoqda, deyishimiz mumkin. Ammo o‘z o‘rnida Kreml ham yadrodan osonlikcha foydalana olmaydi. Chunki, zamonaviy dunyoda bir davlat tomonidan ushbu ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanilishi shu yerdagi rejimning hayotiga nuqta qo‘yilishini anglatadi. Bu haqda Kreml va boshqa yadro arsenaliga ega davlatlar juda tushunarli tarzda ogohlantirilgan bo‘lishi kerak.
Nima bo‘lishidan qat’i nazar, ayni damdagi voqealar rivoji mojaroning yakuni yoki eng jiddiy hal qiluvchi qismi yaqinlashib kelayotganidan darak beryapti. Savollar, ehtimollar, xavflar va yana bir qancha omillar girdobida qolgan Ukraina va Rossiya mojarosi birgina siyosiy iroda tufayli hal etilishi tobora oydinlashib bormoqda. Ammo shu irodani kim namoyish qilishi hozircha so‘roq ostida.
LiveBarchasi