Rossiya shu haftada Ukrainaga “harbiy tajovuz” qilishi mumkin – Blinken 

Olam

image

Rossiya shu haftada Ukrainaga qarshi “harbiy tajovuz” qilishi ehtimoldan yiroq emas. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken “France 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Agar Ukraina atrofidagi hududlarga Rossiya kuchlarining joylashtirilishi bilan nima sodir bo‘layotganiga nazar tashlasangiz, u shu haftadan boshlanadigan tajovuzkorlik akti bo‘lishi mumkin”, degan Blinken. 

Davlat kotibi, shuningdek, Moskva Ukraina bilan chegarada “borgan sari ko‘proq bo‘linmalarni joylashtirayotganidan” xavotir bildirgan. 

“Biz Rossiyani barcha mavjud kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun diplomatik yo‘ldan borishi kerakligiga ishontirishga qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz, ammo agar tajovuz davom etsa, biz bunga to‘liq tayyormiz”, degan u. 

Ma’lumot o‘rnida, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya istagan paytida Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlashi va hujum turli shakllarda bo‘lishi mumkinligini aytgan.  

Kecha, 15 fevral kuni Ukrainadagi bir nechta banklar va Mudofaa vazirligi veb-saytlari xakerlik hujumiga uchradi.  

Qayd etish kerakki, Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.    

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

182

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing