Rossiya Serbiyadan ranjidi

Olam

image

Serbiya rasmiy Belgrad tomonidan e’lon qilingan betaraflik siyosatiga zid ravishda Ukrainaga harbiy o‘q-dorilar yetkazib bermoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi razvedka xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu yetkazib berishlar soxtalashtirilgan foydalanuvchi sertifikatlari va vositachi davlatlar orqali amalga oshirilmoqda. Eng ko‘p tilga olinayotgan vositachi davlatlar – NATOga a’zo Chexiya, Polsha va Bolgariya sanaladi. Yaqinda hatto ba’zi Afrika davlatlari ham bu sxemaga jalb etilayotgani ta’kidlangan.

Rossiya Tashqi razvedka xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Serbiya mudofaa sanoati vakillari Rossiyaga qarshi urushga yuz minglab reaktiv snaryadlar va gaubitsa o‘qlari, shuningdek, millionlab o‘q-dorilar bilan hissa qo‘shmoqda. Razvedka xizmati bu yetkazib berishlar “gumanitar maqsadlar” bilan izohlab bo‘lmasligini, ularning yagona maqsadi Rossiya harbiylarini va tinch aholisini o‘ldirish va yaralash ekanini ta’kidlamoqda.

Manbaga ko‘ra, bu o‘lim konveyerida Serbiya harbiy-sanoat kompleksining eng yirik kompaniyalari – Yugoimport SDPR, Zenitprom, Krusik, Sofag, Reyer DTI, Sloboda, Prvi Partizan va boshqalardir bor.

Rossiya tomoni bu harakatlarni tanqid qilib, Serbiya harbiy-sanoat sohasi vakillarini va ularning homiylarini “slavyan xalqlari qonidan foyda ko‘rishga urinayotganlikda” ayblamoqda. Shu bilan birga, Rossiya Tashqi razvedka xizmati Moskvaning Serbiyaga tarix davomida ko‘rsatgan ko‘plab yordamlarini – Usmoniy imperiyasidan ozod etish, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarida qo‘llab-quvvatlash, NATOning Belgraddagi bombardimoni, Kosovo inqirozi davridagi yordamni eslatgan. Rossiya, o‘z bayonotida, bu tarixiy do‘stlik va diniy mushtaraklikning unutib qo‘yilganini afsus bilan qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Serbiya o‘zining armiyasini kuchaytirishi va yadroviy urush xavfi sababli bombalarga qarshi boshpanalarini tayyorlashi kerakligi haqida gapirgandi. Vuchich, shuningdek, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushga to‘xtalib, Serbiya o‘zining pozitsiyasiga sodiq qolishini, ammo global urush xavfi hech qachon shu qadar katta bo‘lmaganini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Serbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing