Rossiya “qora ro‘yxati”dan 160 mingga yaqin o‘zbekistonlikning ismi o‘chirildi
Jamiyat
−
18 noyabr 7471 2 daqiqa
Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorati ostidagi shaxslar reyestridan 160 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi chiqarib tashlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ularning 70 mingdan ortig‘i migratsiya organlarida huquqiy maqomini tartibga solgani, qolganlari esa Rossiyadan belgilangan muddatlarda chiqib ketgani yoki boshqa sabablarga ko‘ra chiqarilgan.
Aytilishicha, 2025 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan 50 ming 172 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. 3246 fuqaroga ishga joylashish yoki ishda kelib chiqqan mehnat nizolarini hal etishda yordam ko‘rsatilgan. 276 ta ish beruvchi bilan muzokaralar o‘tkazilgan. 58 ming 677 ta yangi ish o‘rni aniqlangan. 381 fuqaroga vijdonsiz ish beruvchilardan 309 ming 918 dollar miqdorida maoshni undirishda yordam berilgan, 44 ta potensial ish beruvchining ishonchliligi tekshirilgan.
Shuningdek, 1323 fuqaroga ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan pasportlari qaytarib berilgan. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan 552 fuqaroga 125 ming 303 dollar miqdorida moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, xabarda joriy yilning 1 yanvaridan 10 sentyabriga qadar migratsiya amnistiyasi joriy etilgani mazmunini fuqarolarga tushuntirish, ularni belgilangan muddatlarda migratsiya organlariga murojaat qilish yoki Rossiyadan chiqib ketish bilan huquqiy maqomni tartibga solishga chaqirish bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks tadbirlarda Rossiyadagi O‘zbekiston konsullik muassasalariga legalizatsiya masalasi bo‘yicha 84 ming 409 fuqaro murojaat qilgani va ularga tegishli maslahatlar berilgani keltirilgan.
Yirik korxonalar va fuqarolar yashaydigan joylarda 221 ta sayyor uchrashuv tashkil etilgan, ularda taxminan 20 ming o‘zbekistonlik ishtirok etgan.
Noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarni pasportizatsiya qilish doirasida konsullik muassasalari tomonidan 5758 fuqaroning xorij pasportini rasmiylashtirish uchun hujjatlari qabul qilingan.
Hujjatlarini yo‘qotgan yoki pulsiz qolgan, shu jumladan, Rossiya IIVning maxsus hibisxonalarida saqlanayotgan 1929 nafar, jami 17 ming 479 fuqaroga vatanga qaytishda ko‘maklashilgan. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonning huquqiy maqomini tartibga solish uchun asosga ega bo‘lmagan 1560 fuqaroga vatanga qaytishiga aviachipta sotib olib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xorijiy ishchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini kengaytiruvchi qonunni imzolagandi.
Live
Barchasi