Rossiya Polshaning uch diplomatini mamlakatdan haydadi
Olam
−
05 dekabr
2476Rossiya Polshaning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasining uch nafar xodimini persona non grata deb e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya 2025 yil 10 yanvardan boshlab Polshaning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi faoliyatini tugatmoqda. Shu sababli uch nafar diplomat ushbu sanagacha Rossiya hududini tark etishi kerak.
Bu qaror Polsha tomonidan joriy yilning 30 noyabr kuni Poznandagi Rossiya Bosh konsulxonasining yopilishiga javoban qabul qilingan. Tashqi ishlar vazirligi Polsha hukumati bu harakatni “uydirma sabablar” asosida amalga oshirganini ta’kidlagan.
Shunga qaramay, Rossiyaning Gdansk va Krakov shaharlarida ikkita bosh konsulxonasi, shuningdek, Varshavadagi elchixona qoshidagi konsullik bo‘limi faoliyatini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Polsha Poznandagi Rossiya bosh konsulxonasini yopish qarorini oktyabr oxirida e’lon qilgandi. Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy bu qarorni Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan “diversiya faoliyati” bilan izohlagan.