Rossiya “Oreshnik” bilan zarba berish uchun nishonlarni tanlayapti – Putin
Olam
−
28 noyabr
7214Ayni paytda Rossiya Mudofaa vazirligi va armiya Bosh shtabi "Oreshnik" gipertovushli zarba tizimidan foydalangan holda Ukraina hududida yo‘q qilish uchun "maqsadlarni tanlamoqda". Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 28 noyabr kuni Ostonadagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammitida so‘z ochdi.
“Albatta, biz Rossiya hududiga uzoq masofaga uchuvchi G‘arb raketalari bilan qilingan hujumga javob beramiz, shu jumladan 21 noyabrda bo‘lgani kabi, “Oreshnik”ni jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tkazishni davom ettiramiz. Ayni paytda Mudofaa vazirligi va Rossiya armiyasi bosh shtabi Ukraina hududida yo‘q qilish uchun nishonlarni tanlamoqda. Bular harbiy ob’ektlar, mudofaa sanoati korxonalari yoki Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari bo‘lishi mumkin”, dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada “Oreshnik”ning seriyali ishlab chiqarilishi boshlangan.
“Ammo oxir-oqibat, biz yo‘q qilish uchun tanlangan nishonlarning tabiatiga va Rossiya Federatsiyasi uchun yaratilgan tahdidlarga qarab yo‘q qilish vositalarini tanlaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Rossiya Prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya G‘arbning uzoq masofali qurollarini Rossiya hududida qo‘llash NATOning qurolli mojaroda bevosita ishtirok etishini anglatishiga bir necha bor e’tibor qaratgan, chunki bu qurollardan NATOning tegishli davlatlaridan harbiy xizmatchilarning bevosita ishtirokisiz foydalanishning iloji yo‘q.
“Biroq, mojaroning avj olish xavfi haqida ogohlantirishlarimizga qaramay, hududimizga zarbalar berildi”, deb ta’kidladi Putin.
Putinning ta’kidlashicha, Kiyev “Rossiya, Sankt-Peterburg va Moskvadagi milliy ahamiyatga ega bo‘lgan nishonlarga bir necha bor zarba berishga uringan” va “bu urinishlar davom etmoqda”.
“Bugun kechqurun biz 90 ta shunga o‘xshash toifadagi raketalar va 100 ta dron yordamida murakkab zarba berdik. 17 ta nishonga zarba berildi: bular harbiy ob’ektlar, mudofaa sanoati ob’ektlari va ularni qo‘llab-quvvatlash tizimlari. Biz tomondan zarbalar Amerikaning ATACMS raketalari tomonidan Rossiya hududiga davom etayotgan hujumlariga javoban amalga oshirildi. Bir necha marta aytganimdek, har doim biz tomondan javob bo‘ladi”, dedi Rossiya Prezidenti.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida Rossiya qo‘shinlari Amerika qurollarining davomli hujumlariga javoban Ukraina hududida turli toifadagi 100 ta raketa va 466 ta uchuvchisiz samolyotdan foydalangan.
“Biz so‘nggi ikki kun ichida Rossiya hududiga ATACMS raketa hujumlarining davom etishiga javoban aynan shu qurol tizimlaridan foydalandik. Hammasi bo‘lib 100 ta tizim, men aytgan turli toifadagi 100 ta raketalar va 466 ta dron zarbalari ishlatilgan”, deb tushuntirdi Prezident.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Bryansk va Kursk viloyatlariga uzoq masofali raketa hujumlariga javoban so‘nggi "Oreshnik" gipertovushli raketa tizimini sinovdan o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
“Albatta, dunyoda Oreshnikning o‘xshashlari yo‘q va menimcha, shunga o‘xshash analoglar yaqin orada paydo bo‘lmaydi”, deya ishonch bildirdi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada foydalanishga tayyor bir nechta “Oreshnik” raketa komplekslari mavjud. Raketalarning umumiy ishlab chiqarilishi haqida gapirar ekan, Putin Rossiya Federatsiyasi ularni NATOning barcha davlatlari jamlagandan o‘n barobar ko‘p ishlab chiqarayotganini aytdi.
"Rossiya Ukrainaga qancha G‘arb qurollari yetkazib berilgani va yana qanchasini yetkazib berish rejalashtirilayotganini biladi", deya qo‘shimcha qildi Rossiya Prezidenti.
Ostonadagi KXSHT sammitida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, KXSHT Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyati Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida zarba bergandi. Bu bilan Ukraina Rossiyadagi nishonlarga nisbatan birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘lladi. 20 noyabrda esa Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi nishonga birinchi marta Britaniyaning Storm Shadow raketalarini otgani xabar qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirgandi. 21 noyabr kuni Rossiya o‘zining o‘rta masofali “Oreshnik” ballistik raketasini Ukrainadagi ob’ektga qarata uchirdi. 25 noyabr kuni Ukraina Kursk viloyatiga ATACMS raketalari bilan hujum uyushtirdi.
LiveBarchasi