Rossiya Markaziy Osiyoda Amerika bazasi paydo bo‘lishi mumkinligiga munosabat bildirdi
Olam
−
13 iyul 2021
12153Markaziy Osiyoda yangi Amerika harbiy ob’ektlarining paydo bo‘lishi mintaqa xavfsizligi uchun xizmat qilmaydi. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Sudat TIV rahbari Maryam al-Mahdi bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida shunday fikrni bildirib o‘tdi.
“Amerikaliklar 20 yil davomida Afg‘onistonda bo‘lib, demokratiya g‘alabasini e’lon qilishdan boshlab, yetarlicha shoshilinch tarzda ko‘plab texnika va boshqa uskunalarni tashlab ketish bilan ko‘p narsani tushunishga yordam berdilar. Markaziy Osiyo davlatlarining qanday rejalari borligi haqida ulardan emas, mintaqaning tegishli mamlakatlaridan so‘rash kerak. Eslataman, ular Markaziy Osiyodan tashqari Pokistonga ham murojaat qilishgan. Pokiston rahbariyati ular bunday variantni muhokama ham qilmayotganini ochiqcha aytdi. O‘zbekiston ham analogik bayonot berdi”, degan Lavrov.
RF TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari – Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining a’zolari hisoblanadi. Chet el harbiy xizmatchilarining KXSHTning har qanday a’zosi hududida bo‘lishiga oid barcha savollar Nizom doirasida kelishilishi kerak.
“Markaziy Osiyoda AQSHning yangi harbiy ob’ektlarining paydo bo‘lishi bu mintaqada xavfsizlik manfaatlariga javob beradi, deb o‘ylamayman. Ushbu mamlakatlarning birortasi KXSHTga tegishli munozaralarni o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida hech qanday so‘rov yubormagani muhimdir”, deydi RF diplomati.
Lavrov Pentagon rahbariyati harbiy resurslarini zarurat tug‘ilganda afg‘on hududiga zarba berish uchun Afg‘oniston atrofiga joylashtirish imkoniyatini izlayotganini qo‘shimcha qilgan.
“Hech kim o‘zini AQSHning bunday siyosatining garoviga aylantirishni xohlamaydi. Agar amerikaliklar 100 mingdan ortiq NATO kontingenti mamlakat ichida bo‘lganida hech narsa qilolmagan bo‘lsa, undan ancha kam harbiy bilan mamlakat tashqarisidan qanday natijaga erishmoqchilar. O‘ylashimcha, bu yerda javob aniq”, degan Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda gap faqatgina amerikaliklarning Markaziy Osiyoga harbiy kontingent joylashtirish va shu orqali mintaqadagi vaziyatga ta’sir o‘tkazish istagi haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyul kuni “Tolibon” delegatsiyasi Moskvaga tashrif buyurgandi. Harakat siyosiy idorasi delegatsiyasi Moskvada o‘tkazilgan maslahatlashuvlarda guruh Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmasligiga kafolat bergandi.
LiveBarchasi