Rossiya maktablarida harbiy tayyorgarlik kuchaytirildi
Olam
−
17:59 248 2 daqiqa
Rossiya maktablarida joriy o‘quv yilidan boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik uchun ajratilgan soatlar ikki baravardan ko‘proqqa oshirildi. Bu haqda Rossiya Maorif vaziri Sergey Kravsov kecha, 13 sentyabr kuni RIA Novostiga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, yangi o‘quv yilidan boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik uchun to‘rt o‘quv yili davomida jami 68 soat ajratiladi. Bu “Xavfsizlik va Vatanni himoya qilish asoslari” kursining 50 foizini tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, Rossiyada harbiy tayyorgarlik Ukraina bosqini fonida 8–11-sinf o‘quvchilari uchun maktab dasturiga kiritilgan. 2026 yilgacha mazkur mashg‘ulotlarga ushbu kursning 20 foizi ajratilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya maktablarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik sobiq SSSR davrida ham mavjud bo‘lgan. 1993 yilda u o‘quv dasturidan chiqarib tashlangan, 2023 yilda esa “Hayot xavfsizligi asoslari” fani doirasida qayta joriy etilgan. O‘sha paytda 10–11-sinf o‘quvchilariga Kalashnikov avtomatida otish, qo‘l granatalarini uloqtirish va birinchi yordam ko‘rsatish o‘rgatilgan. 2024 yildan boshlab ushbu fan “Xavfsizlik va Vatanni himoya qilish asoslari” deb nomlangan.
2026 yil may oyida “Vajniye istorii” nashri Rossiya hukumati besh yil ichida maktab o‘quvchilari uchun harbiy-vatanparvarlik markazlariga 50 milliard rubldan ortiq mablag‘ sarflaganini yozgan.
Shuningdek, Rossiya va u bosib olgan Ukraina hududlarida kamida 210 ta maxsus ta’lim muassasasi aniqlangan. Yel universiteti tadqiqotchilariga ko‘ra, Rossiya hukumati urush boshlanganidan beri ushbu muassasalarda majburan ko‘chirilgan ukrainalik bolalarni joylashtirib, ularga harbiy tayyorgarlik o‘tkazgan va mafkuraviy ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning kamida 24 hududidagi 70 dan ortiq ta’lim muassasasida talabalarni Ukrainadagi urushga jalb qilish ishlari olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi