Rossiya mag‘lubiyatga chiday olmayapti – Ukraina mulozimi

Olam

image

Rossiya jang maydonida muvaffaqiyatga erisha olmayotgani sababli Ukrainadagi tinch aholiga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda. Moskva shu orqali Ukraina jamiyatini beqarorlashtirish va xalqaro hamkorlarni qo‘rqitib, Ukrainaga yordamni kamaytirishga urinmoqda. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Maryana Betsa ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning strategiyasi o‘zgarmagan, biroq taktikasi o‘zgargan. Rossiya dron va ballistik raketalar yordamida Ukrainaga har kuni hujum qilmoqda. Mamlakatda bir sutkada 15–20 marta havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilinmoqda.

Shuningdek, Betsa Ukrainaga ballistik raketalarga qarshi mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish va havo mudofaasi uchun tutuvchi raketalar yetkazib berish zarurligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi tutuvchi raketalar yetishmasligidan foydalanib, kuz-qish mavsumi oldidan hujumlarni kuchaytirmoqda.

“Hamkorlarimizdan havo mudofaasini kuchaytirish va tutuvchi raketalar yetkazib berishda barcha imkoniyatlarini ishga solishni so‘radik. Bu birinchi darajali vazifa”, degan u.

Betsa, shuningdek, Rossiyaning bosib olingan hududlaridagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, o‘g‘irlab ketilgan ukrainalik bolalar, Rossiyada noqonuniy ushlab turilgan harbiy asirlar va tinch aholi masalalariga e’tibor qaratgan.

U Zaporoje atom elektr stansiyasidagi vaziyat ham xavotirli ekanini aytib, yadroviy falokatning oldini olish uchun ob’ektga xalqaro monitoring va kirish imkoniyatini ta’minlash zarurligini bildirgan.

Bundan tashqari, u Ukraina xalqaro hamkorlarini Rossiya Davlat Dumasi saylovlarini, jumladan, vaqtincha bosib olingan hududlarda o‘tkaziladigan saylovlarni tan olmaslikka chaqirgan.

“Rossiyadan qo‘rqish kerak emas. Hamkorlarimiz va Ukraina imkon qadar birlashgan bo‘lishi kerak”, degan Betsa.

Uning ta’kidlashicha, Moskva boshqa davlatlarning qo‘rquvlarini biladi va ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukrainada to‘liq va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing