Rossiya Kursk bo‘yicha KXSHTdan yordam so‘ramadi
Olam
−
16 avgust
9483Rossiya KXSHTga Kursk viloyatidagi vaziyat bilan bog‘liq holda harbiy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilmadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, harbiy yordam ko‘rsatish masalasi faqat a’zo davlatning rasmiy so‘rovi bo‘lgan taqdirdagina paydo bo‘lishi mumkin. Biroq shu kungacha Rossiyadan Kursk viloyatidagi vaziyat bilan bog‘liq bunday murojaat bo‘lmagan.
“Harbiy mojaroning KXSHT mas’uliyat hududiga o‘tishi kuchayishning yangi bosqichidir. Bizning tahliliy xizmatimiz kechayu kunduz ishlaydi. Biz vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib boramiz va Tashkilot Nizomiga muvofiq harakat qilamiz. Kotibiyat va Rossiya Federatsiyasining tegishli davlat organlari muntazam ravishda ma’lumot almashadi. Zarur bo‘lsa, KXSHT kotibiyati bu holatda ko‘zda tutilgan barcha tartiblarni belgilangan muddatda amalga oshiradi”, deyiladi KXSHT xabarida.
Ma’lumot uchun, 6 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga hujum boshladi. 9 avgust kuni mintaqada federal darajadagi favqulodda holat joriy etildi. 10 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterror qo‘mitasi Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlarida terrorizmga qarshi operatsiya rejimini joriy qildi. 12 avgust kuni Belgorod viloyatining Ukraina bilan chegaradosh Krasnoyarujskiy tumanida evakuatsiya boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaning Novosibirsk viloyatida 12-16 avgust kunlari KXSHTning tezkor harakat kollektiv kuchlari “Kobalt-2024” mashg‘ulotlarini o‘tkazishi xabar qilingandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi