Rossiya Kiyevga yirik hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Bugun, 24 aprelga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina poytaxti Kiyev shahriga hujum uyushtirdi. Oqibatda 9 kishi halok bo‘lgan, 60 dan ortiq kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yaradorlar orasida bolalar ham bor. Bu haqda RBK-Ukraina xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Kiyev meri Vitaliy Klichko hujum haqida tonggi 03:30 lar atrofida xabar bergan va dastlab 41 nafar fuqaro jabrlangan, shu jumladan 5 bola haqida ma’lumot bergan. Keyinchalik bu raqamlar yangilandi – jarohatlanganlar soni 50 kishidan oshdi, o‘lim holatlari haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

“54 kishi jabrlangan. Ulardan 38 nafari, shu jumladan 6 bola shifoxonaga yotqizildi. Qolganlariga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi”, dedi Klichko.

Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko ham shaharga zarba berilganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumda ballistik raketalar ham ishlatilgan. Shahar bo‘ylab to‘qqizdan ortiq yong‘in chiqib, fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetgan.

“Vaziyat juda jiddiy. Bu rus dunyosining butun mohiyatini ochib beradi”, deb yozdi Tkachenko.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar soni oshishda davom etmoqda – hozircha 63 kishi jarohat olgan, 42 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ular orasida 6 nafar bola bor. Shu bilan birga, qulab tushgan binolar ostida qolgan odamlar qidirilmoqda.

Shuningdek, turarjoy binolari, garajlar, ma’muriy binolar, bo‘sh turgan inshootlar vayron bo‘lgan, avtomobillar va quruq o‘t-o‘lanlar yonib ketgan. Yong‘inlar o‘chirilgan bo‘lsa-da, poytaxtning 5 tumanida oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Rossiyaning Kiyevga ballistik raketalar bilan uyushtirgan hujumi oqibatida uch kishi jarohat olgandi. Shuningdek, Darnitsa tumanida notururjoy yonib ketgan, boshqa bir bino esa vayron bo‘lgan. Obolon tumanida mebel sexi va unga qo‘shni omborxona yonib ketgan, besh qavatli biznes markazining uch qavati qisman vayron bo‘lgan.  Solomyanka tumanida ochiq hududda alohida yong‘in o‘choqlari va ombor binosining fasadi yongan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing