Rossiya Kiyevga dronlar va raketalar bilan zarba berdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Bugun, 23 iyun tongida Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari Ukrainaning Kiyev shahriga raketa va dronlar bilan hujum uyushtirdi. Bu haqda mahalliy hokimiyat organlari hamda Ukraina Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 8:30 holatiga ko‘ra, olti nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani ma’lum. Yana 16 kishi, shu jumladan 15 yoshli qiz jarohatlangan. Kiyev meri Vitaliy Klichko esa 19 nafar jabrlanganlar haqida ma’lumot berdi, ulardan sakkiz nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Hujum oqibatida Shevchenko tumanida joylashgan besh qavatli uyning kirish qismi butunlay qulab tushgan. Voqea joyida qutqaruv ishlari davom etmoqda, vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Yondosh binoda portlash to‘lqini oynalarni sindirgan, yonida turgan avtomobillar yonib ketgan.

Shuningdek, Svyatoshino, Solomyanka, Goloseyevo va Darnitsa tumanlarida ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uylar, ofis binolari, ovqatlanish muassasalari, savdo rastalari va avtomobillar zarar ko‘rgan.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga ko‘ra, Kiyev viloyatida ham bir nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana sakkiz kishi jarohatlangan. Hujum oqibatlarini bartaraf etish chog‘ida ikki nafar qutqaruvchi jarohat olgan.

Kiyev viloyatining Borispol tumanida hujum oqibatida ikki xonadon yonib ketgan. Belotserkovskiy tumanida bir nechta yakka tartibdagi uylarga, ko‘p qavatli binoga zarar yetgan, shuningdek, tibbiyot muassasasi joylashgan mehmonxona binosi vayron bo‘lgan. Bucha tumanida to‘rt xonadon va uchta avtomobil shikastlangan.

Xerson viloyatining Berislav shahrida dronlar hujumi oqibatida bir nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya 22 iyundan Ukraina bo‘ylab jami 368 ta havo hujum vositasini yo‘llagan. Ulardan 352 tasi dron bo‘lib, ularning ichida zarba beruvchi “Shahed” turidagi va imitatsiya qiluvchi uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, 11 ta “Iskander-M/KN-23” ballistik raketasi va 5 ta “Iskander-K” qanotli raketalar bor. Asosiy zarba yo‘nalishi sifatida Kiyev tanlangan.

Ukraina harbiylari 354 nishonni yo‘q qilgan: beshta qanotli va yettita ballistik raketa hamda 146 dron urib tushirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyunga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududlariga raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilgandi. O‘sha kuni tunda Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaga 272 ta uchuvchisiz samolyot, shuningdek, “Kinjal”, “Kalibr” va “Iskander-K” raketalarini uchirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing