Rossiya Kiyevga dron va raketalar bilan hujum qildi (fotoreportaj)

Olam

image

Rossiya dronlari va raketalarining to‘lqinma-to‘lqin hujumlari bugun, 17 iyun kuni ertalab Ukraina poytaxti Kiyev bo‘ylab turli tumanlarga zarba berdi. Hujum oqibatida ko‘p qavatli uy shikastlandi, yong‘inlar chiqdi va 16 nafargacha odam jarohatlandi. Bu haqda shahar rasmiylariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Foto: “Reuters”

Nashr muxbirlarining guvohlik berishicha, poytaxt osmonida dronlar uchgan va ular boshlaridan raketalar o‘tayotganiga o‘xshash tovushlarni eshitgan. Havo hujumi xavfi to‘g‘risidagi ogohlantirish e’lon qilinganidan keyin ham yetti soatdan ziyod vaqt mobaynida amalda qolgan.

Foto: “Reuters”

Poytaxtdan tashqari hududlar ham hujumga uchragan, jumladan, Kiyev atrofidagi joylar va janubi-sharqiy Zaporoje shahri. U yerda hududiy gubernator kamida to‘rtta zarba qayd etilganini ma’lum qildi.

Foto: “Reuters”

Kiyev shahar hokimi Vitaliy Klichko Telegram orqali bergan ma’lumotga ko‘ra, jarohatlanganlarning ko‘pchiligi shahar markaziga yaqin joylashgan Solomyanskiy tumanida bo‘lgan. U yerda dron ko‘p qavatli uyning ustki qavatini va boshqa turarjoy bo‘lmagan binolarni shikastlagan.

Foto: “Reuters”

Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko 5 ta tumanda jami 12 ta zarba qayd etilganini aytdi. Nishonlar orasida shaharning sharqiy chetida joylashgan bolalar bog‘chasi ham bo‘lgan.

Foto: “Reuters”

“Poytaxtga murakkab hujum amalga oshirilmoqda. Rossiyaliklar raketalar va dron zarbalarini birgalikda qo‘llamoqda. Turli tumanlarda yong‘inlar chiqdi, tezkor xizmatlar faoliyat olib boryapti”, deb yozdi Tkachenko. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar Solomyanskiy tumaniga bir necha bor hujum qilgan.

“Bu juda og‘ir tun bo‘ldi”, deb yozdi u. 

Foto: “Reuters”

Shuningdek, ayrim hududlarda elektr uzilishlari ham kuzatilgan.

So‘nggi haftalarda Ukraina ham, Rossiya ham keng ko‘lamli dron hujumlarini amalga oshirishdi. Shu vaqt ichida tomonlar uch yildan ortiq davom etayotgan urushni tugatish maqsadida ikki marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi. Bu muzokaralar natijasida faqat asirlarni almashish va halok bo‘lgan askarlar jasadlarini qaytarish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan, xolos.

Foto: “Reuters”

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’muriyati rahbari Andriy Yermak Telegram'da shunday yozdi:

“Kiyevdagi turar joy binolariga yana dron orqali hujumlar. Rossiya fuqarolarga qarshi urushini davom ettirmoqda”.

Foto: “Reuters”

Klichkoning ma’lum qilishicha, 62 yoshli AQSH fuqarosi tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan joy qarshisidagi turarjoyda halok bo‘lgan. Lekin u qanday holatda va nima sababdan vafot etgani haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Foto: “Reuters”

Moskvada esa shahar meri Sergey Sobyanin Rossiya havo mudofaa qo‘shinlari tomonidan Moskvaga qarshi qilingan ikki ukrain droni hujumi qaytarilganini ma’lum qildi. Hujum paytida shahar aeroportlari vaqtincha yopilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kiev dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing