Rossiya Kiyevdagi ko‘p qavatli uyga zarba berdi

Olam

image

Rossiya droni Ukrainaning Kiyev shahri Solomyanskiy tumanida 25 qavatli turarjoy binosiga hujum qildi. Shuningdek, Dnepr shahri ham raketa hujumiga uchradi. Bu haqda Kiyev meri Vitaliy Klichko ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, zarba oqibatida 25 qavatli uyning 17, 18 va 19-qavatlaridagi xonadonlar zarar ko‘rgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jarohat olgan.

“Hodisa joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda, qutqaruvchilar uy-joyning 100 dan ortiq aholisini evakuatsiya qildi. Yong‘in nazorat ostiga olingan, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari Dnepr shahriga ham raketa zarbasi bergan. Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakka ko‘ra, hujum oqibatida turarjoy binosi va shifoxona zarar ko‘rgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 19 oktyabr kuni Rossiya harbiylari Zaporojega boshqariladigan bomba tashlagan. Oqibatda 10 kishi, jumladan, 9 va 13 yoshli qizlar jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Bombalardan biri Naberejnaya ko‘chasi yaqinida joylashgan gipermarket hududiga, ikkinchisi esa Trudovoy ko‘chasi yaqinidagi ochiq maydonga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Odessa portidagi infratuzilmaga ballistik raketalar bilan hujum qilgan edi. Raketalardan biri Palau bayrog‘i ostidagi OPTIMA fuqarolik kemasiga borib urilgan va hujum oqibatida 60 yoshli ukrainalik halok bo‘lgan, yana besh nafar chet el fuqarosi yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kiev Vitaliy Klichko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing