Rossiya Kiyevdagi dars bo‘layotgan universitetga zarba berdi

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari bugun, 2 sentyabr kuni Kiyevdagi universitetlardan biriga darslar davom etayotgan paytda “Shahed“ dronlari bilan zarba berdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida universitetda 160 nafar talaba bo‘lgan. Ularning barchasi boshpanaga yashiringan. Shu sababli talabalar orasida qurbonlar bo‘lmagan.

Shuningdek, Zelenskiy Rossiya kuchlari tunda Odessa shahriga ham hujum qilganini aytgan. Hujum oqibatida turarjoy binosi va shahar infratuzilmasiga zarar yetgan. Besh kishi, jumladan, bir bola jarohatlangan.

Xersonda esa Rossiya kuchlari favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya xodimlari joylashgan binoga zarba bergan. Xarkov viloyatidagi hujumlar oqibatida minglab odamlar elektr ta’minotisiz qolgan. Shuningdek, hududda jarohatlanganlar borligi ma’lum qilingan.

Ukrainaning ko‘plab hududlarida reaktiv dronlar va aviabombalar qo‘llanishi xavfi sabab havo hujumi haqida ogohlantirishlar davom etgan.

Zelenskiy Rossiyaning hujumlari kuchayib borayotganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyat va dunyoning eng nufuzli davlatlari yetakchilarining bunga munosabati yetarli emasligini aytgan.

“Rossiya va Eronning “Shahed”lari Yevropada kecha-yu kunduz terror uyushtirayotgan bir paytda, bu faqat mamlakatimizning muammosi bo‘lib qolmasligi kerak“, degan Ukraina Prezidenti.

Uning qayd etishicha, Ukrainaga qilingan har bir zarba, “Shahed“lar va boshqa qurollarning shahar hamda qishloqlarga qarshi qo‘llanilishi Rossiyaning boshqa mamlakatlar va xalqlarga qarshi ishlatishga tayyorlayotgan taktikasini sinovdan o‘tkazayotganini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Odessa shahri va Odessa viloyatiga raketa hamda dronlar bilan hujum qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing