Rossiya Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga zarba berdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
08 iyul
7913Bugun, 8 iyul kuni Rossiyaning raketa zarbalari Ukraina shaharlaridagi asosiy nishonlarga, jumladan Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga tegdi. Oqibatda 20 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda Kiyev shahar harbiy boshqarmasi xabar berdi.
Ukraina rasmiylarining aytishicha, kamdan kam uchraydigan bunday kunduzgi havo hujumi Kiyev, Dnepr, Krivoy Rog, Slavyansk va Kramatorsk kabi shaharlarda sodir bo‘lgan. Zarar ko‘rgan binolar orasida eng yirik bolalar tibbiyot markazi bo‘lgan Kiyevdagi Oxmatdit shifoxonasi ham bor. Shifoxona butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab kasal bolalarni davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Hodisa joyidan olingan videolarda ko‘ngillilar politsiya va xavfsizlik xizmati bilan birgalikda vayronalardan bolalarni xavfsiz joyga olib chiqishga qanday harakat qilayotganini ko‘rish mumkin.
“Hamma tutun ichida qolgandi, nafas olish uchun havo yo‘q edi. Bu qo‘rqinchli bo‘lsa-da, biz omon qoldik”, deydi katta hamshira Natalya Sardudinova raketalarning shifoxonaga tushgan paytini tasvirlab berarkan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining X sahifasida shifoxonadagi qurbonlarning aniq soni hozircha ma’lum emasligini va vayronalar ostida odamlar borligi, shifokorlardan tortib mahalliy aholigacha hamma vayronalarni tozalashda yordam berayotganini aytgan.
“Ko‘p qavatli uylar infratuzilmasi, bolalar shifoxonasi shikastlangan. Barcha tashkilotlar imkon qadar ko‘proq odamni qutqarish bilan shug‘ullanmoqda”, deb yozgan Zelenskiy.
Shuningdek, u Ukrainaga qarshi har xil turdagi 40 ga yaqin raketa uchirilgani, butun dunyo Rossiya zarbalariga yakun yasash uchun bor kuchini ishga solishi kerakligini ta’kidlagan.
“Faqat birgalikda haqiqiy tinchlik va xavfsizlikni ta’minlay olamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaning Sumi viloyatidagi energetika infratuzilmasi ob’ektlariga zarba bergani haqida xabar berilgandi. Oqibatda 100 mingdan ortiq iste’molchi hisoblagichlari quvvatsizlangandi.
LiveBarchasi