Rossiya Kim Chen Inga qiruvchi samolyotlarini “ko‘z-ko‘z qildi” (video)

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yuriy Gagarin nomidagi Komsomolsk-Amur aviatsiya zavodining muhandislik markazi va ishlab chiqarish sexlari hamda u yerdagi qiruvchi samolyotlar bilan tanishdi. Bu haqda Rossiya hukumati saytida ma’lum qilindi.

KXDR rahbariga Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari – Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov hamrohlik qilgan. Kim Chen In aviatsiya zavodida Su-35 samolyotlarining yakuniy yig‘ish sexi va beshinchi avlod Su-57 samolyot majmuasini ko‘zdan kechirgan.

Aniqlik kiritilishicha, mehmonlarni Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan zavod ishchilarining Shon-sharaf yodgorligi yonida zavod xodimlari kutib olgan. Muhandislik markazining faxriy mehmonlari fotogalereyasida KXDR raisi Kim Chen Irning 2002 yil avgust oyida zavodga tashrifi aks etgan suratlari namoyish etilgan. Shuningdek, korxonaning dizayn bo‘limida muhandislar zamonaviy samolyotlarni yaratishda qo‘llaniladigan raqamli texnologiyalarni taqdim etgan.

Keyin KXDR rahbari Superjet -100 (SJ 100) samolyotidagi ishlar bilan tanishgan. Mehmonlarga import o‘rnini bosuvchi Superjet -100 samolyotlari bo‘yicha hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rsatilgan.

Kim Chen In Su-35 qiruvchisining ko‘rgazmali parvozini ham tomosha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu joriy yilning iyul oyida Pxenyanga borganida Kim Chen In unga Shimoliy Koreyaning eng so‘nggi uchuvchisiz samolyotlari va qit’alararo ballistik raketalarini ko‘rsatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing