Rossiya Qozog‘istonni gazlashtirishga qattiq kirishdi
Olam
−
10 noyabr 2023
4260Bir oy ichida “Gazprom” Qozog‘istonning shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarini gazlashtirish imkoniyatlarini texnik-iqtisodiy tahlilini yakunlaydi. Bu haqda “Gazprom” rahbari Aleksey Miller “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz Qozog‘iston bilan Qozog‘istonning shimoliy, shimoli-sharqiy viloyatlarini gazlashtirish masalasini muhokama qilmoqdamiz”, deydi u.
Uning qayd etishicha, allaqachon texnik-iqtisodiy asoslash ishlab chiqilmoqda.
“Hozircha texnik-iqtisodiy asoslash emas, balki kelgusi bir oy ichida yakunlashimiz mumkin bo‘lgan tahlil, bu loyihaning texnik imkoniyatlari va uning iqtisodiy samaradorligi haqida javob beradi”, deya qo‘shimcha qildi Miller.
Shu bilan birga, “Gazprom” rahbari Qozog‘istonning gaz transporti tizimi anchagina mahalliy ekanligiga e’tibor qaratgan, shuning uchun Qozog‘istonning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarini Rossiya va uning resurs bazasidan gazlashtirish ancha samaraliroq.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Qozog‘istonga mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlarini gazlashtirishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
O‘z navbatida, Miller Qozog‘istonning ko‘plab viloyatlari bevosita Rossiya Federatsiyasi viloyatlari bilan chegaradosh bo‘lganligi sababli Rossiya hududidan Qozog‘istonning shimoliy, shimoliy-sharqiy hududlarini gaz bilan ta’minlash va gazlashtirish imkoniyatlarini va buning uchun yangi gaz tashish yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish iqtisodiy jihatdan samarali ekanini bildirdi. Ayniqsa, Ostona shahrini gazlashtirishni nazarda tutuvchi marshrut alohida ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, Miller “Izvestiya” bergan intervyusida “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali Rossiya gazini teskari yo‘nalishda yetkazib berish 2025 yilning noyabridan kechiktirmay amalga oshirilishi kerakligini aytgan edi.
Joriy yilning 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida Miller va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar o‘rtasida o‘tgan ishchi uchrashuvda Strategik hamkorlik shartnomasi imzolangan. Hujjat tabiiy gazni yetkazib berish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, uni geologiya-qidiruv va qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Forumda so‘z olgan Miller hozirda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi va Qozog‘iston Ostona shahrini gazlashtirish uchun yetkazib berish yo‘nalishi ustida ishlayotgani, kompaniya Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirish uchun yangi yo‘nalishlar va Buxoro-Ural gaz quvurini ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan.