Rossiya Qozog‘istondan benzin so‘radi
Olam
−
24 iyun 3541 2 daqiqa
Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli Qozog‘iston bilan taxminan 50 ming tonna hajmdagi AI-92 avtobenzinini import qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda sohadagi to‘rtta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya neftini Qozog‘istonning neftni qayta ishlash zavodlaridan (NQZ) biriga tolling shartlari asosida yetkazib berish varianti muhokama qilinmoqda. Ayni paytda Qozog‘istonda avtobenzin profitsiti kuzatilmoqda, biroq 26 iyundan 20 iyulgacha Atirau NQZ ta’mirlash uchun o‘z faoliyatini to‘xtatadi, bu esa mahsulot zaxiralarini qisqartiradi.
“Qozog‘iston bilan muzokaralar olib boryapmiz, lekin umid kam”, deya shikoyat qilgan “Reuters” manbasi.
Agentlik manbalarining fikricha, yagona imkoniyat – Qozog‘istonning “Kondensat” zavodidan import qilishdir. Ushbu korxona Rossiyaning “Taneko” NQZsida ishlab chiqarilgan gaz kondensati distillyatini qayta ishlaydi va yonilg‘ini erkin sotish uchun har oy Energetika vazirligidan kvota oladigan yagona Qozog‘iston NQZsi hisoblanadi.
“Reuters”ning Qozog‘istondagi manbasiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga avtobenzin yetkazib berish Rossiya aviakerosini importi evaziga amalga oshirilishi mumkin. Qozog‘iston iyul oyida talabning ortishi, Atirau NQZsidagi profilaktika ishlari va importning kamayishi fonida aviakerosin taqchilligiga duch kelgan. Soha vakillarining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aviakerosin eksportini Qozog‘istonga ham keskin kamaytirgan.
“RFdan import katta ehtimol bilan bo‘lmaydi, usiz esa ehtiyojlarni ham qondirib bo‘lmaydi”, deydi manba.
Ma’lumot uchun, markaziy Rossiyadagi bir qator yirik NQZlarning uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari tufayli to‘xtab qolgani iyun oyining ikkinchi o‘n kunligi oxiriga kelib avtobenzin ishlab chiqarishni o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 25 foizga kamayishiga olib kelgan. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, benzin ishlab chiqarish kuniga 85 ming tonnagacha qisqargan, vaholanki, yoz oylarida iste’mol kuniga 110 ming tonnaga yetadi.
Yonilg‘i taqchilligiga qarshi kurashda Rossiya hukumati NQZlarga ichki bozor uchun sifat ko‘rsatkichlari pasaytirilgan avtobenzin va dizel yonilg‘isi chiqarishga ruxsat bergan. Bundan tashqari, shu oyda Rossiya benzinni dengiz yo‘li orqali import qilishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Novosibirsk, Belgorod, Kemerovo, Tyumen, Vologda, Penza viloyatlari va Xanti-Mansiysk avtonom okrugi rasmiylari yonilg‘i sotishga limitlar joriy etilganini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi24 iyun