Rossiya-Qozog‘iston chegarasida o‘zbekistonliklar to‘plandi
Jamiyat
−
08 iyul 2020
8578O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida va Orenburg viloyati Buzuluk shahrida mos ravishda 1300 va 700 dan ortiq o‘zbekistonliklar to‘plangan. Ularga vaziyatni tushuntirish uchun O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi rahbarlari fuqarolar to‘plangan joyga kelishdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Moskvadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punktiga borishga urinmasliklari, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlari va barcha karantin choralariga qat’iy rioya etishlari to‘g‘risida berilgan ko‘p sonli ogohlantirishlarga qaramay, Qozog‘iston hududi orqali avtotransport vositalarida vatanga qaytish maqsadida fuqarolar Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi yaqinida to‘planishni davom ettirmoqda.
Mintaqada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashishi, Qozog‘istonda qat’iy karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning qo‘shni davlatlar hududi orqali qaytishi tashkiliy va boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa, fuqarolarning sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
“Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolardan cheklov choralariga to‘g‘ri baho berishlarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va o‘zlarining va atrofdagilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Tashqi ishlar vazirligining qayd etishicha, O‘zbekiston fuqarolari charter reyslarini tashkil etish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan hamda muntazam “sariq” va “yashil” reyslar qayta tashkil etilishiga ko‘ra vatanga qaytadilar.
LiveBarchasi