Rossiya qamoqxonalaridagi yuzga yaqin tojikistonliklar urushga yuborilgan – Tojikiston IIV
Olam
−
12 avgust 2023
9953Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan 100 ga yaqin tojikistonlik Ukrainadagi urushga yuborilgan. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaga tayanib, “Asia Plus” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 12 avgust kuni poytaxt Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakat Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda jurnalistlarning ayrim savollariga javob bergan. Jumladan, u Rossiya qamoqxonalaridan urushga yuborilgan Tojikiston fuqarolarning taxminiy sonini ham ochiqlagan.
“Rossiya qamoqxonalaridan 100 ga yaqin tojikistonliklar Ukrainadagi urushga yuborilgan bo‘lishi mumkin”, deydi Rahimzoda.
Biroq vazir Rossiya Tojikistonga bunday ma’lumotlarni taqdim etmasligini va bu masala bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvi ikki mamlakat o‘rtasidagi amaldagi bitimlarga kiritilmaganini hamda mamlakat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi “mojaro”da neytral pozitsiyani egallashini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik siyosatshunos Jeyson Jey Smart Rossiya ta’siri ostida bo‘lgan Ukrainaning Mariupol shahrida qurilish ishlariga jalb qilingan o‘zbekistonliklar urushga safarbar qilingani haqida ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, Gorlovkadagi ishg‘olchilar orasida ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolari borligi aniqlangan.
“O‘zbekistonliklar qurilish ishlarini olib borish uchun bosib olingan Mariupolga kelgan. Yetib kelgach, o‘zbekistonliklarning pasportlari olib qo‘yilib, “ko‘ngilli” sifatida Ukrainaga qarshi jangga jo‘natilgan”, deydi Jeyson.
Biroq O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari ushbu holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermagan.
LiveBarchasi