Rossiya generallaridan biri portlatildi

Olam

image

Rossiyaning Moskva shahridagi portlashda mamlakat Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘ldi. Bu haqda Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, uning haydovchisi ham vafot etgan. Tergov ma’lumotlari generalning bugun, 17 dekabr kuni ertalab Moskvaning Ryazanskiy tumanidagi turarjoy binosiga kiraverishi yonida turgan samokatga o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushirilishi oqibatida vafot etganini ko‘rsatmoqda. Portlovchi qurilma 200 gramm trotil quvvatiga ega bo‘lgan, oqibatda uyning kirish eshigi va derazalari sinib ketgan, generalning xizmat mashinasi ham shikastlangan.

Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi ikki harbiy xizmatchining o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Voqea joyida tergovchilar, kriminologlar va tezkor xizmatlar ishlamoqda. Hozirda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.

Ukraina general va uning yordamchisi halok bo‘lgan Moskvadagi portlash haqida izoh bermagan. Biroq Ukrainaning ayrim Telegram-kanallari rossiyalik general urushda kimyoviy qurollarni qo‘llash haqida shaxsan topshiriq bergani va buning ortidan harbiy jinoyatlarda gumonlanayotganini yozmoqda. Xususan, Ukrainaning janubiy va sharqiy hududlarida kimyoviy qurollarning ommaviy qo‘llanishi uchun amaldor Kirillovning buyrug‘iga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 4,8 mingdan ortiq holatlar sodir bo‘lgan.

General-leytenant Kirillov bugun Mudofaa vazirligi brifingida ishtirok etishi kerak edi. General Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, muntazam ravishda jurnalistlar uchun brifinglarda nutq so‘zlab, keng tanilgan. Masalan, 2022 yilda AQSHni Ukrainada chivinlar orqali tarqatiladigan viruslar tadqiq etiladigan biolaboratoriyalar yaratishda ayblagan. 2023 yilda esa AQSH raqib harbiy xizmatchilarini zaharlash uchun bunday chivinlarni dronlar orqali yetkazishni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. U shuningdek, Rossiyada parranda grippi bilan kasallanish darajasi ortganini Ukrainadan zararlangan qushlar migratsiyasi bilan izohlagan.

54 yoshli Kirillov Rossiya Kimyoviy mudofaa harbiy akademiyasini tamomlagan. 2017 yilga qadar ushbu akademiyaga rahbarlik qilgan. 2017 yilning aprelida Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahri Sinyavinskaya ko‘chasidagi turarjoy binosi hovlisida noma’lum shaxs tomonidan shu yerda turgan avtomobil portlatib yuborilgandi. OAVlarning aksariyati transport vositasida Rossiya Mudofaa vazirligi ofitseri, sun’iy aloqa radiomarkazi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Andrey Torgashov bo‘lgani haqida xabar berdi. Biroq Torgashovning o‘zi Moskvada avtomobil portlashi paytida jarohat olgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi Torgashovning rafiqasi esa o‘zi va erining portlash oqibatida jabrlanganini inkor etgan va internetda tarqalgan xabarlarning feyk ekanini bildirgan. Moskva shimolida avtomobilni portlatishda gumon qilingan Rossiya fuqarosi o‘shanda Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Bodrum shahrida qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Igor' Kirillov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing