Oshayotgan gaz va “svet”, suiqasdga uchragan Dmitriy Li, migrantlarga yangi cheklovlar – Hafta tahlili

Tahlil

Xalqda qiz uzatganga qirq yil tegma degan naql bor. Shunga amal qilib, hali-beri yaqindagina shohona tarzda qiz uzatib tilga tushgan Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov haqida umuman gapirmoqchi emasdim. Nima qilay? Akaning o‘zi bu hafta ijtimoiy tarmoqni portlatib, trendga chiqib turibdi. Tugayotgan haftada Oliy Majlis Senatiga 2025 yil uchun “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni taqdim etib, kelgusi yilning aprelidan boshlab mamlakatda gaz va elektr energiyasi uchun tariflar yana oshirilishini aytib, suyunchi oldi. Ammo bu gap shundoq ham sovuq kunlarda gaz va “svet”dan qiynalayotgan, gazi bo‘la turib, ro‘zg‘orining kamidan, qo‘lining kaltaligidan uni yoqmay qo‘ygan oilalarning boshiga gurzidek tushdi. Xo‘sh, narx o‘zi qanchaga osharkan, deyapsizmi? Bunisini dastur davomida atroflicha muhokama qilamiz. 

O‘zbekistonda joni xavf ostida qolgan mansabdorlar qatori yana bittaga ko‘paydi

Qassob qo‘y dardida, qo‘y esa jon... O‘zbekning bunday purma’no naqllari ko‘p-da. Kimdir boya aytganimdek ro‘zg‘orining kamini to‘ldirish, gaz va “svet”dan orttirib, bolalariga normal hayot qurish bilan ovora bo‘lib, kundalik tashvishlariga o‘ralashib yurgan bo‘lsa, kattalarning muammolari ham katta. Masalan, O‘zbekistonda joni xavf ostida qolgan mansabdorlar qatori yana bittaga ko‘paydi. U O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Li. Joriy hafta kutilganidek, O‘zbekistondagi emas, balki xalqaro ommaviy axborot vositalarida Dmitriy Liga ham suiqasd rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi va yana kutilganidek bu haqda mamlakat huquq-tartibot organlari sukut saqlamoqda. Xuddi Komil Allamjonovga suiqasd haqida avvaliga miq etilmaganidek.

Dmitriy Romanovich Li 2022 yildan beri O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar agentligi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Unga nisbatan rejalashtirilgan suiqasd esa joriy yilning avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Suiqasd ijrosi bo‘lishi kerak bo‘lgan ikki chechenistonlik esa ayni vaqtda O‘zbekiston talabi bilan Interpol qidiruviga berilgani ma’lum bo‘ldi. Bunda gap Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxonov ustida bormoqda.

Rasayev va Temirxonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 241- (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 246- (Kontrabanda) va 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilishga aloqadorlikda gumonlangan Javlon Yunusov ham Interpol qidiruviga berilgan va Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi. Shuningdek, shu ishga aloqadorligi sabab qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan.

Qayd etilishicha, Rasayev va Temirxonov O‘zbekistonga turli yo‘nalishlar orqali kelgan: biri o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, ikkinchisi “Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan. Ular Komil Allamjonov va Dmitriy Lining o‘ldirilishi uchun har biriga 750 ming AQSH dollaridan, jami 1,5 million dollar taklif qilgan mijozlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra harakat qilgan.

Allamjonovga suiqasddan ikki oy o‘tgan bo‘lsa-da, hozirgacha uning o‘zi biror joyda bu haqda so‘z ochgani yo‘q. Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu orada esa Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Alijon Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri Sarvar Ashurovlar lavozimidan ozod qilindi. Ularning kursisidan ketishi Allamjonov bilan bog‘liqmi-yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda. Shoshmay turaylik-chi, balki ko‘p o‘tmay huquq-tartibot idoralarimiz Bislan Rasayev va Shamil Temirxonovning qidiruvga berilganini e’lon qilib qolar.

Ha darvoqe, bugungacha, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ikki nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Tergov organi qidirgani aytilib, ism-sharifi ochiqlanmagan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan. Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Farg‘onadagi fojia. Yana nimalar sir tutilmoqda? 

O‘rtoqlar, Farg‘ona notinch. Tugayotgan haftada farg‘onaliklar gaz portlashi va katta yong‘in kelib chiqqanidan keyin xavfga tushib qolgan. Xabaringiz borligi aniq, 17 dekabr kuni Farg‘ona shahrining “Yangi yo‘l” MFY Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan “Petrolium” nomli AYOQSH va AGQSH shoxobchasida katta miqdorda gaz sizib chiqishi oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘lib, u bir necha kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Qurbonlar soni bo‘yicha huquq-tartibot organlari 4 nafar degan javob bilan cheklanayotgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda bu raqamga nisbatan ishonchsizlik juda yuqori va vafot etganlar 10 dan ortiqligi va hatto 20 ga yaqin bo‘lishi mumkinligi, Hukumat buni yashirayotgani iddao qilinmoqda. Voqea tasviri tarqalgan videolar esa uning ko‘lami anchagina katta bo‘lganini aks ettirmoqda.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, portlash va yong‘inga suyultirilgan gaz to‘kish vaqtida texnologik jarayonlarning buzilishi hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligi sabab bo‘lgan.

Voqea aks etgan videolar gaz quyish shoxobchasi atrofidagi binolar, xususan yonginasidagi ko‘p qavatli uylardan olingan. Unda gaz quyuq tumandek sizib chiqayotgani, keyingi videoda esa birdan chaqnash sodir bo‘lgan, odamlar esa tiriklayin yonayotgani tasvirlangan. Darvoqe, portlash oqibatida atrofdagi bino-inshootlarga ham zarar yetgan, ko‘plab avtomobillar yonib ketgan. Jarohatlanganlar, kuyib ketganlar 12 nafar.

Mazkur holat yuzasidan hukumat komissiyasi tuzilgani haqida ma’lumotlar mavjud emas. Lekin Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan. Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan va tergov harakatlari ketmoqda.

Ushbu fojiaviy hodisadan so‘ng Farg‘ona viloyati hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining belgilangan norma va me’yorlarga muvofiqligi holati o‘rganib chiqilishi bo‘yicha viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilindi.

2008 yilda O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan “Shaharsozlik normalari va qoidalari – Avto yoqilg‘i quyish shoxobchalari” yo‘riqnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yoqilg‘i quyish shoxobchalarining boshqa ob’ektlardan qancha masofada qurilishi bo‘yicha shartlar berilgan. Unga o‘kra, gaz quyish shoxobchalari, yer ostiga o‘rnatilgan suyultirgan gaz omboriga ega bo‘lsa, turarjoylar va jamoatchilik inshootlaridan 100 metrlik masofada, va yerusti omboriga ega bo‘lsa, u joylardan 300 metrlik masofada qurilishi belgilangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: to mana shu fojia bo‘lguncha mas’ullarning ko‘zi qayerda edi? Shaharning qoq o‘rtasiga, yana aholi yashash joylari, bolalar bog‘chasining burni tagida shaharsozlik normalariga zid tarzda gaz quyish shoxobchasi qurishga kim ruxsat bergan? Bugun endi ularni tekshirishga bel bog‘layotganlar bu voqeagacha nega ularning texnik holatini tekshiruvdan o‘tkazmagan. Yoki issiq xonangizdan chiqib ishlashingiz uchun kimdir o‘lishi, bolalar yetim qolishi yoki bir umrga majruh bo‘lishi shartmi? Ochig‘ini aytsam, men endi ham nimadir o‘zgarishiga unchalik ishonmayman. O‘zgarganda bungacha bo‘lgan fojialardan keyin o‘zgarardi, xulosa qilinardi, jig‘ildonga jilov berilardi.

Ha aytgancha, balki mutasaddilarning shahar o‘rtasidagi gaz quyish shoxobchasiga ko‘z yumib kelganining boshqa sababi bordir. Har holda portlash ortidan bu AYOQSH Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning yaqin qarindoshi Azizxo‘ja Yusupxo‘jayevich Mavlonovga tegishli bo‘lgani aytildi. Hozirgacha Bojxona qo‘mitasi ham, viloyat mansabdorlari ham, Akmalxo‘ja Mavlonovning o‘zi ham bu ma’lumotlarni rad etgani yo‘q.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana bir karra oshiriladi

Hozir qaysi davraga kirmay, gazga qancha to‘layapsiz, degan gapning ustidan chiqyapman. Qishning sovuq kelishi, gaz iste’molining oshib ketishi, qolaversa, joriy yildan gaz va elektr energiyasiga limit o‘rnatilishi odamlarning o‘ylovlarini yanada orttirgan. Gazning bemalol yoqib ishlatay, desa cho‘ntagiga zarar. Ishlatmay desa yana cho‘ntagiga zo‘r keladi. Nega deysizmi? Ha, nega bo‘lardi, sovuq uyda kasal bo‘ladi, dorilar ham falon pul, dorixona to‘la odam. Kamiga “sezon”da shamollash va grippni davolovchi dorilarning narxi oshgandan oshadi.

Dastur avvalida aytganimdek, O‘zbekistonda 2025 yilning 1 apreldan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana bir karra oshiriladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Senat yalpi majlisida gapirdi.

“Joriy yilda tariflar oshgan bo‘lsa, o‘sha Vazirlar Mahkamasi qarorida kelgusi yil 1 apreldan ham tariflarni yana bir karra oshirish takliflari ma’qullangan. Kelgusi yil, nasib bo‘lsa, 1 apreldan tariflar oshadi”, dedi vazir.

Vazir narxlar oshishiga qaramay, energetika sohasiga byudjetdan hali ham subsidiyalar borligining sababini tariflar xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmagani va gazning ma’lum bir qismi import qilinayotgani bilan izohladi.

“Agar subsidiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, kelgusi yil byudjet loyihasida, siz ko‘rganingizdek, gaz va elektr bo‘yicha subsidiyalar miqdori yetti yarim trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Bu, albatta, joriy yilda o‘n ikki trillion edi, ya’ni kamayib boryapti. “Xo‘sh, qachon bu subsidiyalar berilishi to‘xtaydi?” deb savol beradigan bo‘lsangiz, 2025-2026 yillarda davom etadi, 2027 yilda keskin pasayadi, nasib bo‘lsa, va 2028 yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi”, dedi Qo‘chqorov.

Bu ham yetmagandek, kelasi yil Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tariflari 2 marta oshiriladi. Biroq Qo‘chqorovga ko‘ra, bu ham yetarli emasmish.

“Endi issiqlik ta’minoti korxonalari haqida gapiradigan bo‘lsak, issiqlik ta’minoti bo‘yicha masalalarimiz biroz murakkabroq. Chunki bizda tariflar orasidagi farqlar juda katta. Ya’ni, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish narxi Toshkentda bir xil, Buxoro yoki Farg‘onada esa boshqa. Shundan kelib chiqib, bu sohada ayrim texnologik muammolar ham bor. Bularga o‘lchagichlarni o‘rnatish masalasi kiradi, chunki issiqlikni o‘lchash ham o‘zi katta muammo. Yana bir texnologiya bilan bog‘liq masala shuki, tizimlar juda eskirib ketgan. Qozonxonalar va yetkazib berish tarmoqlari Sovet ittifoqidan qolgan eski texnologiyalardan foydalanadi va ular gazni ham ko‘p iste’mol qiladi. Foyda koeffitsiyenti va gazdan foydalanish koeffitsiyenti ham samaradorligi past bo‘lib hisoblanadi”, dedi u.

Xullas, Senat yalpi majlisida “2025 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun bir ovozdan rad etilmay qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln so‘m va 62,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

“Tolibon” harakati Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqariladi

Tugayotgan haftada Rossiya Davlat Dumasi ikkinchi va uchinchi yakuniy o‘qishda Afg‘onistonda hokimiyat tepasida turgan “Tolibon” harakatini Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qildi.

Tasdiqlangan qonunga ko‘ra, terroristik tashkilotlarning federal ro‘yxatiga o‘zgartirishlar sudning tegishli qarori kuchga kirgandan so‘ng darhol kiritilishi mumkin.

Qonun loyihasi besh deputat va yetti senator tomonidan ishlab chiqilgan. Davlat Dumasi xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ernest Valeyevning tushuntirishicha, “Tolibon” terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilgandan so‘ng rossiyaliklar agar xohlasa, harakatga qo‘shilishi mumkin.

“Tolibon” Rossiyada 2003 yildan beri terrorchi tashkilot sifatida tan olinganiga qaramay, Moskva so‘nggi yillarda u bilan aloqalarni davom ettirib kelmoqda. Vladimir Putin “Tolibon”ni “hamkorlar”, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa “oqil odamlar” deb atagan.

Rossiya generali o‘limida o‘zbek ayblanmoqda

Suriyadagi terrorchilik guruhlariga qo‘shilgan ham, Turkiyada terakt sodir etgan ham, Dubayda yahudiy ravvinni o‘ldirgan ham o‘zbek. Endi navbat Rossiya generaliga. 17 dekabr kuni tongda Rossiya Federatsiyasi qurollar, jumladan kimyoviy qurollar sohasidagi o‘zining eng kerakli generalidan ayrildi. Moskvada Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi o‘z uyidan chiqib ketayotganida elektr samokatga o‘rnatilgan portlovchi moddaning harakatga keltirilishi oqibatida yo‘q qilindi. Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi generalning o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Kirillov 2017 yilga qadar Rossiya Kimyoviy mudofaa akademiyasiga rahbarlik qilgan. 2017 yildan esa Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i etib tayinlangandi. U ushbu lavozimga kirishganidan so‘ng o‘z chiqishlarida Qo‘shma Shtatlarni bir qancha harbiy jinoyatlarni sodir etishda ayblagan va bu bayonotlari bilan anchagina tanilgandi.

Kiyev holat yuzasidan rasmiy munosabat bermadi. Ammo hozircha faqatgina rasmiy munosabat bergani yo‘q, xolos. Chunki manbalar Rossiya generalining portlatib yuborilishida Ukraina xavfsizlik xizmatining aloqasi borligini yozmoqda. Xavfsizlik xizmatidagi manba bu portlatishni “maxsus operatsiya” deb atagan. Xususan, BBC bilan suhbatlashgan manba Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya oqibatida o‘ldirildi deya ma’lum qilgan.  

Generalning vafotidan bir kun avval Ukraina xavfsizlik xizmati Kirillovni jinoiy ish bo‘yicha sirtdan gumonlanuvchi, deb e’lon qilgan. Qayd etilishicha, general mamlakatning sharqiy va janubiy qismlarida taqiqlangan kimyoviy qurollarning ommaviy qo‘llanishi uchun javobgar. U Ukrainaning janubiy va sharqiy hududlarida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri 4800 dan ortiq kimyoviy qurollar qo‘llanishi uchun eng asosiy javobgar sifatida ko‘riladi.

Xullas, Kirillov o‘ldirildi. Bu voqelikning bir tomoni xolos. Ammo mazkur qotillikning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek segmenti va Rossiyada ishlayotgan millionlab mehnat migrantlari uchun alohida ahamiyati va xavfi borligi keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Aniqrog‘i, barchani hayratga solgan holda Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovga uyushtirilgan qotillikni ijro etishda gumonlanib, o‘zbekistonlik 29 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bildirilishicha, O‘zbekiston fuqarosi Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turarjoy binosiga kiraverishda turgan elektr samokatga o‘rnatgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining versiyasiga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun O‘zbekiston fuqarosiga 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga chiqarib yuborish kafolatlangan. Rossiya hukumatiga yaqin manbalarga ko‘ra, mazkur qotillik sodir etilganidan so‘ng Rossiya xavfsizlik kuchlari O‘zbekistondagi vakolatli organlarga Igor Kirillovning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs haqida ma’lumot olish uchun murojaat qilgan va O‘zbekiston tomoni tegishli so‘rovni olgach, qo‘lga olingan fuqaro haqidagi ma’lumotlarni Moskvaga yetkazgan. Kirillovni o‘ldirganlikda gumon qilinib, hibsga olingan gumonlanuvchi Ahmad Qurbonov bo‘lib chiqdi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan tarmoqlarga sizdirilgan so‘roq videosida Qurbonov Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini tan olgan. U voqea joyini kuzatish maqsadida avtomashinani ijaraga olib, unga videokamera o‘rnatgan. Qurilma WiFi orqali video signalni Dneprga, ya’ni UXXga uzatgan. Qurbonov videoyozuvdagi ko‘rsatmasi davomida general Kirillov uydan chiqqanida darhol portlovchi moslama tugmasini bosganini bildirgan. Buyurtmani Ukraina xavfsizlik xizmati bergan bo‘lsa-da, uni ijro etishda O‘zbekiston fuqarosi gumon qilinayotgani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining o‘zbek segmentida turli xavotirlarni paydo qildi. Esingizda bo‘lsa, yil boshida Moskva viloyatining Krasnagorsk shahrida joylashgan “Krokus Siti Xoll”dagi dahshatli teraktni uyushtirishda ayblangan bir qator tojikistonliklar tufayli Rossiyadagi tojikistonlik migrantlarga bosimlar sun’iy tarzda kuchayib ketgandi. O‘zbekistondan ketgan va ayni damda Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan millionlab migrantlarni katta ehtimol bilan shu ssenariy xavotirga solayotgan bo‘lsa, ajab emas. Chunki bir necha shaxs tomonidan sodir etilgan jinoyatga butun boshli etnik tus berish Rossiya huquq-tartibot idoralari uchun begona amaliyot emas.

General va uning yordamchisi qotilligida gumonlanayotgan Ahmad Qurbonov sud qarori bilan ikki oy muddatga, ya’ni 2025 yilning 17 fevraligacha hibsga olindi. Qurbonov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining uchta moddasi: 105- (qotillik), 205- (terrorchilik harakati) va 222- (noqonuniy qurol olish, topshirish, sotish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki olib yurish) moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. 

Rasmiy Toshkent esa bu voqeaga terrorchilik harakati deb baho bermoqda. 19 dekabr kuni ta’ziya bildirish maqsadida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ushbu jirkanch terrorchilik harakatini keskin qoralashini aytgan. Suhbatda ikki davlat maxsus xizmatlari o‘rtasida terrorizmga qarshi kurashish sohasida yaqin hamkorlikni davom ettirish niyati qayd etilgan.

Rossiyada rus tilini bilmaydigan muhojir bolalarni maktabga qabul qilish taqiqlanishi mumkin

Rossiyada qaysi mamlakat yoki millatga mansubligidan qat’i nazar migrantlarga qo‘yilayotgan talablar kundan kunga ortib bormoqda. Ro‘zg‘or dardida sovuq rus o‘lkasiga borib mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar ham bundan qochib qutulolmaydi, albatta. Navbatdagi talab Rossiyaning yumshoq kuchi, ammo qattiq vositalar bilan himoya qilinadigan rus tili haqida bormoqda.

20 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi rus tilini bilmaydigan muhojirlarning farzandlarini maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi.

Endi migrant bolalarga tilni bilish bo‘yicha test sinovi joriy etiladi. Undan o‘ta olmaganlar esa maktablarga qabul qilinmaydi.

Ta’lim va fanni nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor) test uchun materiallarni ishlab chiqish, baholash mezonlari va eng kam ball sonini aniqlashi kerak.

Bundan tashqari, maktabga Rossiyada noqonuniy yashayotgan va hujjati bo‘lmaganlar o‘qishga qabul qilinmaydi. Qonun Prezident tomonidan imzolansa, 2025 yil 1 apreldan kuchga kiradi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirovning fikricha, rossiyalik qonun chiqaruvchilar migrantlarning bolalariga rus tilini o‘rgatishni emas, balki tilni bilmaganlarni mamlakatdan haydashdek oson yo‘lni tanlagan.

“Rossiyalik hamkasblarimiz rus tilini o‘rgatish emas, bilmaganlarni Rossiyadan, bolalarni maktabdan haydash yo‘lini tanladilar. Bu qonun postsovet mamlakatlarida rus tiliga bo‘lgan ehtiyojni ham, hurmatni ham keskin kamaytirishi mumkin”, deya yozgan u.

Shu o‘rinda Qodirov O‘zbekistonda ham davlat idoralarida ishlaydigan minglab, maktablarda o‘qiydigan yuz minglab davlat tilini umuman bilmaydigan vatandoshlar va ularning bolalari borligini eslatib ketgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar uchun talablarni yanada kuchaytirish kerak, degan fikrda. U bu haqda 19 dekabr kuni “Vladimir Putin bilan yil natijalari” dasturida so‘z ochgan.

Putinga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisi Rossiyada ishlash uchun o‘qitilishi kerak. U yerda rus maktablari ochilishi, madaniyat va til o‘rgatilishi zarur.

Prezident migratsiya muammosini “juda nozik va o‘tkir” deb atagan. Uning ta’kidlashicha, Rossiyada ishchilar yetishmaydi. Bo‘sh ish o‘rinlari soni allaqachon yuz minglab topiladi. Migrantlar sonini kamaytirish uchun mehnat unumdorligini oshirish va yuqori texnologiyali sohalarga e’tibor qaratish lozim.

Ayni vaqtda Kirillovning o‘limi va bundan keyin migrantlarga, xususan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga qanday munosabatda bo‘lish masalasi Hukumat va parlament koridorlaridagi asosiy mavzu bo‘lib qolmoqda. Rossiya parlamenti a’zolarining hammasi ham migrantlarga qarshi talab va to‘siqlarni kengaytirish borasida yakdil qarorga ega emas. Davlat Dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rossiyaliklarni migrantofobiyadan saqlanishga chaqirmoqda. Qo‘mita raisi Leonid Kalashnikovning fikricha, hamma narsada o‘zbeklarni ayblash noo‘rin.

“Hamma narsada o‘zbeklarni ayblash kerak emas. Agar rus biror joyda biror ish qilgan bo‘lsa, bu bizning mamlakatimizda hamma narsa yomon deganimi? Albatta yo‘q, bu juda ibtidoiy qarash. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni oddiygina bir o‘zbekka bog‘lashdan foyda yo‘q. Bizning vazifamiz bu yerga ishlash uchun kelgan barcha muhojirlar ko‘chada sarson bo‘lmasligi va nazoratsiz qolmasligiga ishonch hosil qilishdir”, deydi Kalashnikov.

MDH ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulinning fikriga ko‘ra, Krokusdagi terakt va general Kirillovning o‘limi Ukrainani qasddan Markaziy Osiyodan kelgan MDH davlatlari fuqarolarini jinoyatchi sifatida ishlatayotganini ko‘rsatadi.

“Teraktning ikkinchi darajali maqsadi muhojirlarga qarshi to‘lqin va Rossiya va O‘zbekiston, Tojikiston va boshqalar o‘rtasida mojaro qo‘zg‘atishdir. Teraktda O‘zbekistonni va u bilan munosabatlarni ayblashga urinish, mohiyatan, O‘zbekiston Respublikasini sodir etilgan jinoyatga sheriklikda ayblashdir. Haqiqatan ham Prezident Mirziyoyevni general Kirillov qotillariga yordam berganlikda kimdir gumon qiladimi? Bunday dalil yo‘q. Lekin o‘zbek yoki tojikdan qasos olishga da’vat qilayotganlar bilib yoki bilmay birovning buyrug‘ini bajarayotgani haqida mutlaqo ochiq dalillar bor”, dedi deputat.

Samarqandda kelin ko‘p qavatli uyning derazasidan o‘zini tashladi

So‘nggi vaqtlarda xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq nomaqbul holatlar ko‘p qulog‘imizga chalinmoqda. Uning navbatdagisi Farg‘onada sodir bo‘ldi. Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi o‘z joniga suiqasd qilib, institut talabalar turarjoyining 3-qavatidan o‘zini tashladi.

Qayd etilishicha, 2005 yilda tug‘ilgan Qo‘qon davlat pedagogika instituti amaliy fanlar fakulteti jismoniy madaniyat yo‘nalishi 2-bosqich talabasi joriy yilning 13 dekabr kuni soat kechki 01:20 larda o‘z joniga suiqasd qilib, institutning 3-sonli talaba turarjoyi binosi 3-qavatidan o‘zini tashlab yuborgan. Oqibatda u tan jarohati olib, Qo‘qon shahar markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Qo‘qondagi holatda qiz tirik qolgan, ammo Samarqanddagi voqea fojia bilan tugaganidan xabaringiz bor. Shu kunlarda menga ijtimoiy tarmoqdagi sahifam orqali samarqandlik kelinning vafoti tagiga yetishimizni so‘rab murojaat qilayotganlar talaygina.

Gap Samarqand shahrida 23 yoshli kelin ko‘p qavatli uyning derazasidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan holat haqida bormoqda. Bunda uning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi ma’lumot bizga oid emas, buni Bosh prokuratura aytmoqda. Odamlar orasida yurgan gaplarga qaraganda u o‘z joniga qasd qilmagan, balki derazadan o‘zini tashlashga majburlangan bo‘lishi mumkin. Bu orada esa ijtimoiy tarmoqlarda uning muttasil oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lib kelganiga oid suhbatlar va suratlar tarqaldi.

Bosh prokuratura ayolning o‘limi bo‘yicha sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanganini e’lon qilgan edi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ma’lum qilingan.

Endi erkaklar ham farzandli bo‘lganda 5 kunlik ta’tilga chiqishi mumkin

Dastur oxirida sizni xursand qiladigan yaxshi xabarim ham yo‘q emas. Endilikda O‘zbekistonda erkaklar farzandli bo‘lganida turmush o‘rtog‘iga yordam berish yoki boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli, 5 kunlik ta’tilga chiqishi mumkin. Bu hali loyiha xolos.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Qo'chqorov Farg'ona Suiqasd o'z joniga qasd qilish Akmalxo'ja Mavlonov “Tolibon” Igor' Kirillov Ahmad Qurbonov Dmitriy Li Bislan Rasaev va Shamil Temirxonov Elektr energiyasi va tabiiy gaz muhojir bolalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing