Rossiya generalini o‘ldirganlikda gumonlangan yana ikki kishi hibsga olindi (video)
Olam
−
16 yanvar
219322024 yilning 17 dekabr kuni Moskva shahrida o‘z uyidan chiqish arafasida portlatib yuborilgan Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘ldirilishida gumon qilingan yana ikki shaxs hibsga olindi. Bu haqda Moskva shahar sudi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu ikki gumonlanuvchining ismi – Ramazon Bekxonovich Padiyev hamda Botuxon Ruslanovich Tojiyev. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tojiyev va Padiyev noma’lum kuratorning ko‘rsatmasiga ko‘ra internet orqali oldinroq ushbu jinoiy ishda gumonlanib hibcga olingan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov uchun Moskva viloyatidagi yotoqxonadan xona ijaraga olgan. Kurator ijara haqini to‘lash uchun Tojiyevning hisob raqamiga bir necha bor pul o‘tkazgan. Shu bilan birga, Padiyev yotoqxonaga shaxsan borib, to‘lovlarni amalga oshirgan va binoning ichki hamda tashqi ko‘rinishini joyida suratga olgan, so‘ngra Moskvadagi savdo markazlaridan birida xona kalitini Qurbonovga topshirgan, keyin ijara muddatini uzaytirish uchun ham pul to‘lagan.
Bugun, 16 yanvar kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudi qarori bilan dastlabki tergov organlarining Ramazon Padiyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirildi. Padiyev Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi 4-qismi (Terrorchilar hamjamiyatini tashkil etish va unda ishtirok etish), 2221-moddasi (Portlovchi moddalar yoki portlovchi moslamalarni noqonuniy olish, berish, sotish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki olib o‘tish) 3-qismi hamda 2231-moddasi (Portlovchi moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish, portlovchi qurilmalarni noqonuniy ishlab chiqarish, o‘zgartirish yoki ta’mirlash) bo‘yicha ayblangan. U 1 oy 3 kun muddatga hibsda qoladi.
Botuxon Tojiyev esa Jinoyat kodeksining 205-moddasi 4-qismi (Terrorchilar hamjamiyatini tashkil etish va unda ishtirok etish), 2221-moddasi (Portlovchi moddalar yoki portlovchi moslamalarni noqonuniy olish, berish, sotish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki olib o‘tish) 3-qismi 2231-moddasi (Qurolni noqonuniy ishlab chiqarish) bilan ayblangan. U esa 1 oy 1 kun muddatga hibsda qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘limida gumon qilinib, o‘zbekistonlik 29 yoshli erkak ushlangandi. O‘zbekiston fuqarosi qo‘mita tomonidan FXX va IIV hamkorligida qo‘lga olingan. Bildirilishicha, o‘zbekistonlik Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turarjoy binosiga kiraverishda turgan elektr samokatga qo‘ygan. Rossiya Tergov qo‘mitasining versiyasiga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun O‘zbekiston fuqarosiga 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga yashash uchun borishi kafolatlangan bo‘lgan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar