Rossiya foydasiga josuslik qilgan Belarus fuqarolari qo‘lga olindi
Olam
−
23 mart 2023
7767Polshada josuslikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxslar orasida Belarus fuqorolari ham borligi aniqlandi. Holat yuzasidan Polsha Tashqi ishlar vazirligi Belarusning Varshavadagi elchixonasi vakili Aleksandr Chesnovskiyni chaqirtirdi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni RMF radiostansiyasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Chesnovskiyga Belarus fuqarolari josuslik faoliyatini olib borishi munosabati bilan norozilik bildirilgan. Ular Polsha hududida Rossiya Federatsiyasi foydasiga josuslik qilishda gumon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning mart oyi boshida Polsha ichki xavfsizlik agentligi to‘qqiz nafar xorijlikni qo‘lga olgan. Keyinchalik ular prokuratura tomonidan Rossiya foydasiga josuslik, shuningdek, uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etishda ayblangan. Ichki ishlar vazirligi rahbari Mariush Kaminskiy qo‘lga olinganlar Polshaga qarshi razvedka faoliyatini amalga oshirgani, shuningdek, Rossiya razvedkasi buyrug‘i bilan qo‘poruvchilik harakatlari tayyorlaganini ta’kidlagan. Biroq rasmiy Varshava hibsga olinganlarning millatini ochiqlamagan.
Kecha, 22 mart kuni esa Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko Varshava Minskka hibsga olingan Belarus fuqarolarini almashishni taklif qilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha rasmiylari besh nafar ukrainalik va uch nafar belaruslikni hibsga olgan.
LiveBarchasi