Rossiya dunyoda yagona bo‘lgan qurolini sinovdan o‘tkazdi (video)
Olam
−
30 Oktabr 2025 18190 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 28 oktyabr kuni “Poseydon” nomli ekipajsiz suvosti apparatini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu haqda u jurnalistlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida so‘z ochdi.
“Kecha biz istiqbolli vositalardan yana birining sinovini o‘tkazdik – bu ekipajsiz suvosti apparati “Poseydon”. U ham yadroviy energiya tizimiga ega. Biz ilk bor uni tashuvchi suvosti kemasini foydalanishga topshiribgina qolmay, balki apparatning yadroviy energiya qurilmasini ham ishga tushirdik va u ma’lum vaqt davomida faoliyat yuritdi”, degan Putin.
U bu natijani “ulkan yutuq” deb atagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “Poseydon”ning o‘lchamlari kichik, biroq uning quvvati “Sarmat” deb nomlangan eng zamonaviy qit’alararo raketalarnikidan ham yuqori.
“Bundan tashqari, tezlik va chuqurlik bo‘yicha bu apparatga teng keladigani dunyoda yo‘q va yaqin orada paydo bo‘lishi ham dargumon. Uni to‘xtatish yoki tutib olishning imkoni mavjud emas”, degan Putin.
Ma’lumot uchun, “Poseydon” – bu yadroviy energiya tizimiga ega ekipajsiz suvosti apparati bo‘lib, u odatiy yoki yadroviy jangovar kallaklar bilan jihozlanishi mumkin. “Poseydon” ikki megatonnagacha yadroviy quvvatga ega jangovar kallakni olib yurishga qodir va uning maksimal harakat tezligi soatiga 200 kilometrga yetishi mumkin. Rossiya dengiz floti to‘rtta suvosti kemasiga joylashtiriladigan 32 tagacha “Poseydon” apparatini qabul qilishi rejalashtirilgan.
2018 yilning mart oyida Vladimir Putin Rossiyada katta chuqurlikda zamonaviy suvosti kemalari, torpedalar va har qanday yuzaki harbiy kemalardan ancha tez harakatlana oladigan suvosti dronlari ishlab chiqilganini ilk bor e’lon qilgan. Bir yil o‘tib, Rossiya Mudofaa vazirligi “Poseydon” sinovlarining videosini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Prezident Vladimir Putinga “Burevestnik” yadroviy raketasining muvaffaqiyatli sinov haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa 15 soat ichida taxminan 14 000 km masofani bosib o‘tgan va bu uni yoqilg‘i quyishsiz butun dunyo bo‘ylab aylanib chiqishiga bemalol yetadi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp “Burevestnik” sinoviga izoh berar ekan, Putinning bu boradagi bayonotlarini “noo‘rin” deb atagan. Tramp, shuningdek, “bizda dunyodagi eng yaxshi atom suvosti kemasi bor. Shuning uchun bizga sakkiz ming mil uchadigan raketa kerak emas” degan.
Live
Barchasi