Rossiya yadroviy dvigatelli raketani sinovdan o‘tkazdi

Olam

image

Ukrainaga qarshi urush davom etayotgan bir paytda, Rossiya yadroviy energiya bilan ishlaydigan, cheksiz masofaga uchish qobiliyatiga ega “Burevestnik” qanotli raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 26 oktyabr kuni Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu haftada Rossiya Qurolli kuchlari strategik hujumchi kuchlarning mashg‘ulotini o‘tkazgan va unda “strategik yadroviy kuchlarning barcha uchta tarkibiy qismi bo‘yicha shartli harbiy pusklar amalga oshirilgan”, shuningdek “perspektiv qurol namunalari” sinovdan o‘tkazilgan.

Rossiya Prezidenti “Burevestnik”ni “dunyoda tengi yo‘q, unikal ishlanma” deb atadi.

“Bu – dunyoda hech kimda yo‘q mahsulot. Endi uning qo‘llanish imkoniyatlarini aniqlab, bu qurolni Qurolli kuchlar tarkibida joylashtirish uchun infratuzilmani tayyorlashni boshlash kerak”, dedi u.

Gerasimovning ma’lum qilishicha, “Burevestnik” 21 oktyabr kuni sinovdan o‘tkazilgan, 14 000 kilometr masofani bosib o‘tgan va taxminan 15 soat havoda bo‘lgan.

“Raketaning texnik xususiyatlari uni istalgan masofadagi yuqori darajada himoyalangan ob’ektlarga aniq zarba berish imkonini beradi”, dedi u.

Bu ma’lumotlarni mustaqil manbalar yoki G‘arb harbiylari hozircha tasdiqlamagan.

NATOda Skyfall nomi bilan tanilgan “Burevestnik” raketa loyihasiga 10 yildan ortiq vaqt bo‘ldi. Rossiya harbiylari unda kichik yadroviy reaktor o‘rnatilganini ma’lum qilgan. Bu, nazariy jihatdan, raketaning havoda bir necha kun davomida qolishini ta’minlashi mumkin.

Vashingtondagi Nuclear Threat Initiative (Yadroviy tahdid tashabbusi) tashkiloti 2019 yildagi hisobotida shunday yozgan edi:

“Skyfall yadroviy jangovor qismga ega bo‘ladi, Yer sharini past balandlikda aylanib chiqib, raketaga qarshi mudofaa tizimlarini va relef to‘siqlarini chetlab o‘tadi, keyin esa boyegolovkani oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan nuqtaga tashlaydi”.

Putin “Burevestnik” haqida ilk bor 2018 yilda ma’lum qilgan edi. Nuclear Threat Initiative ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2019 yillar orasida Rossiya kamida 13 marta sinov o‘tkazgan, ammo ulardan faqat ikkitasi qisman muvaffaqiyatli bo‘lgan.

2019 yil avgust oyida Arxangelsk viloyatidagi Severodvinsk yaqinida joylashgan poligonda portlash sodir bo‘lib, “Rosatom” va Mudofaa vazirligi xodimlaridan yetti kishi halok bo‘lgan. Keyinroq rasmiylar bu hodisa radiatsiya manbai bilan bog‘liq ob’ektda bo‘lganini tan olgan.

2023 yil oktyabrida Putin “Burevestnik”ning navbatdagi muvaffaqiyatli sinovi haqida xabar bergan edi. “The New York Times” o‘shanda Rossiya Pankovo poligonida yangi sinovlarga tayyorgarlik ko‘rayotganini yozgan. 2025 yil yozida mustaqil tadqiqotchilar shu ob’ektda yana sinov tayyorgarligi izlarini aniqlaganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin raketa yadroviy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing