Rossiya Dumasi Ukrainaning 4 viloyati anneksiyasini ma’qulladi
Olam
−
03 Oktabr 2022
5115Rossiya Davlat dumasi bugun, 3 oktyabr kungi yig‘ilishda Ukrainaning tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha to‘rtta xalqaro shartnomani bir ovozdan ratifikatsiya qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Hujjatlar 30 sentyabr kuni Moskvada imzolangandi. Xalqaro shartnomalar, jumladan, yangi sub’ektlarning chegaralarini belgilash bilan bog‘liq. Respublikalar va viloyatlarning chegaralari “ular tashkil topgan va Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qabul qilingan kunida mavjud bo‘lgan” hududning chegaralari bilan belgilanadi.
Shartnomalarda, shuningdek, sub’ektlar Rossiyaga qabul qilingan kundan boshlab hozirgi nomlarini saqlab qoladigan ikkita respublika va ikkita viloyat tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan. Ularning rahbarlari gubernator maqomini oladi. Sub’ektlar rahbarlari vazifasini bajaruvchi sub’ektlar qabul qilingan kundan boshlab 10 kun ichida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Mintaqaviy hukumatlar “Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq” gubernatorlar vazifasini bajaruvchi tomonidan tuziladi.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida - 87,05 foiz, DXRda - 99,23 foiz, LXRda - 98,42 foiz.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
LiveBarchasi