Rossiya deputati rubl kursining tushishida migrantlarni aybladi
Olam
−
10:40
5273Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev migrantlarni mamlakatda ishlab topgan pullarini o‘z vataniga yuborib, valyutaga bo‘lgan sun’iy talabni oshirmoqda va dollar kursining o‘sishiga ta’sir ko‘rsatishda aybladi. Bu haqda deputat o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Rossiyada ishlayotgan millionlab muhojirlar har yili o‘z yurtlariga topgan daromadlarini yuborishadi. Bu pul o‘tkazmalarining aniq ma’lumotlari so‘nggi yillarda yashirilgan, ammo mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, gap har yili o‘n milliardlab dollar haqida ketmoqda”, deb yozadi Matveyev.
Uning ta’kidlashicha, bu pul o‘tkazmalari Tojikiston YAIMning yarmini (2023 yilda 5,7 milliard dollar), Qirg‘iziston YAIMning uchdan birini, O‘zbekiston YAIMning 12-15 foizini tashkil etadi. Shuningdek, Gruziya (2 milliard dollardan ortiq), Armaniston (3 milliard dollardan ortiq) va Qozog‘iston kabi davlatlarga ham katta miqdorda pul o‘tkazmalari amalga oshiriladi.
“Bu holatda migrantlar va ularning Rossiyadagi diasporalari har yili Rossiya banklarida o‘n milliardlab dollar sotib olib, valyutaga sun’iy talab va kursning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi deputat.
Matveyev migrantlarga nisbatan yangi siyosatni taklif qilgan: vizali rejim joriy etish, kirib kelayotganlarning to‘liq raqamli va genom nazoratini o‘rnatish, Markaziy Osiyo va Kavkaz xalqlariga pasportlar berishni to‘xtatish, avval berilgan pasportlarni tekshirish va ularni qaytarib olish, shuningdek, har qanday huquqbuzarlik uchun migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish.
Shu bilan birga, migrantlar ko‘pincha pul o‘tkazmalarini Rossiya rublida amalga oshiradi. Masalan, Osiyo Taraqqiyot Banki ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonga kirib keladigan pul o‘tkazmalarining 90 foizdan ortig‘ini rubl tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada rubl kursi bir AQSH dollari uchun 115 ga tushib ketdi. Bunga asosiy sabab sifatida Rossiya iqtisodiyotidagi tizimli inqiroz va Ukrainadagi urushga sarflanayotgan katta xarajatlar va xalqaro izolyatsiya ko‘rsatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 dekabrdan boshlab Rossiyaga kirish va chiqishda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun biometrik ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha eksperiment boshlangandi.