Rossiya Buchada qilganini Izyumda takrorladi – Zelenskiy

Olam

image

Rossiya Izyumda Kiyev viloyatining Bucha shahrida qilgan vahshiyliklarini takrorlagan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 16 sentyabr kungi videmurojaatida aytib o‘tdi.

“Xarkov viloyatida Rossiya istilosidan ozod qilingan hududlarda tekshiruvlar davom etmoqda. Ruslarning barcha jinoyatlari qayd etilib, ularning aybiga oid dalillar to‘planyapti. Bosib olingan shahar va aholi punktlarining tinch aholisi qiynoqqa solingan zindonlar, odamlar hatto xorijliklar saqlanadigan binolar topildi”, deydi Zelenskiy.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Izyum yaqinidagi ommaviy qabristonda jasadlarni eksgumatsiya qilish davom etmoqda, hozirgacha u yerda 440 dan ortiq qabr topilgan.

“Qiynoqlar, odamlarni masxara qilishning aniq dalillari allaqachon mavjud... Bularning barchasiga dunyo javob berishi kerak. Rossiya Buchada qilganini Izyumda takrorladi. Biz esa o‘sha paytda Xarkov viloyatida sodir bo‘lgan voqealar haqidagi to‘liq haqiqatni endigina o‘rgana boshladik”, deydi u.

Zelenskiy BMT missiyasining Izyumga bo‘lajak safarini olqishlagan.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari hozirdanoq Izyum yaqinidagi bu yerga tashrif buyuradigan ishchilar guruhini tayyorlayotgani, ular rossiyalik terrorchilar nima qilayotganini ko‘rishlari va BMT tizimidagi barchaga hisobot berishlari mumkinligi yaxshi”, deydi Zelenskiy.

Davlat rahbari “jurnalistlarning ozod qilingan hudud va odamlar tahqirlangan barcha joylarga to‘liq kirishini” ta’minlashga va’da berdi.

“Bucha qirg‘ini”

Joriy yilning 1 aprel kuni Bucha meri Anatoliy Fedoruk Ukraina harbiylari rossiyalik bosqinchilarni chiqarib yuborganini tasdiqladi. Chekingan ruslar fuqarolik inshootlarini, infratuzilma ob’ektlarini va aholi punkti ichidagi ba’zi hududlarni minalagan. 

Ozod qilingan shaharda ukrainalik harbiylar hududni diversantlar va rossiyalik sheriklardan tozalashga kirishgan. 

2 aprel oqshomida Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar butun Kiyev viloyati rus bosqinchilaridan ozod qilinganini ochiqladi. 

Shundan so‘ng bosqinchilarning vahshiyliklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Ruslar odamlarni o‘ldirgan va zo‘rlagan, haqorat qilgan va qiynoqqa solgani aytildi. Dmitriy Komarov Buchadan dahshatli kadrlarni ko‘rsatdi va aholi nonni ko‘rganda shunchaki yig‘layotganini aytdi. Keyinchalik tarmoqda paydo bo‘lgan Buchadan olingan hayratlanarli fotosuratlarda bog‘langan odamlar o‘ldirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan. Ba’zi jasadlar ko‘chalarning o‘rtasida qolgan. 

Bucha voqealari haqiqati oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari uni qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqishni boshladi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi Buchadagi voqealarni Moskvaga qarshi provokatsiya va sahnalashtirilgan deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

71

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing