Rossiya Britaniya tashkilotini mamlakatdan quvdi
Olam
−
05 iyun 8094 2 daqiqa
Rossiya Bosh prokuraturasi Buyuk Britaniyaning xalqaro madaniy aloqalar va ta’lim imkoniyatlari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – The British Council (Britaniya kengashi)ni Rossiyada nomaqbul tashkilot deb e’lon qildi. Bu haqda idoraning rasmiy saytida xabar berildi.
“O‘zini mustaqil tuzilma sifatida ko‘rsatgan holda kengash butun faoliyatini Buyuk Britaniya hukumatining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ravishda olib boradi, u Britaniya parlamentiga hisobot beradi va mamlakatning tashqi siyosat idorasi tomonidan moliyalashtiriladi”, deyiladi bayonotda.
Kuzatuv organining ta’kidlashicha, kengash “ta’lim va madaniyat faoliyati” niqobi ostida – ma’rifiy tadbirlar, ingliz tilini o‘qitish va boshqalar orqali Buyuk Britaniyaning uzoq muddatli manfaatlari va qadriyatlarini ilgari suradi. Tashkilot Moskva siyosatini obro‘sizlantirishga urinishda ayblanmoqda.
Qolaversa, prokuratura Britaniya kengashining asosiy maqsadlaridan biri – Sovet Ittifoqi respublikalarining aholisi ongidan Rossiyaga xos milliylikni yo‘qotish ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, tashkilot Baltika mintaqasidagi Rossiyaga qarshi kuchlarni birlashtirishga qaratilgan madaniy aloqalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanayotgani va butun dunyo bo‘ylab Britaniya ta’siridagi agentlar tarmog‘ini yaratishga urinishda ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Britaniya kengashi 1934 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Buyuk Britaniyada xayriya tashkiloti maqomiga ega. Rossiyada ushbu tashkilotning o‘ndan ortiq ofislari bo‘lgan, biroq 2007 yilning oxirida faqat Moskva ofisi saqlab qolingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Rossiya va Xitoyni asosiy xavf tug‘diradigan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgandi.
Live
Barchasi