Rossiya Boyqo‘ng‘irning bir qismini Qozog‘istonga topshiradi
Olam
−
29 noyabr
98582025 yilda Rossiya tomonidan Qozog‘istonga Boyqo‘ng‘irdagi 1-start majmuasini topshirish jarayoni boshlanadi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bu qaror Rossiya-Qozog‘iston hukumatlararo komissiyasining Boyqo‘ng‘ir kosmodromi bo‘yicha bayonnomasida qayd etilgan.
“2025 yilning birinchi yarmida “Roskosmos” davlat korporatsiyasi, Qozog‘istonning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi 1-maydondagi ob’ektlarni topshirish-qabul qilish jarayonini tashkil etishi kerak”, deyiladi hujjatda.
Mazkur maydon “Gagarin starti” deb ataladi, chunki aynan shu yerdan insoniyat tarixida birinchi marta kosmosga chiqqan Yuriy Gagarin parvoz qilgan.
2023 yilda “Roskosmos” davlat korporatsiyasi Qozog‘iston hukumatiga ushbu maydonni kosmik texnikalar ko‘rgazmasini o‘z ichiga oladigan muzey tashkil etishni taklif qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Boyqo‘ng‘ir kosmodromi dunyodagi eng yirik va eng eski kosmik portlardan hisoblanadi. Kosmodrom Qozog‘istonning janubi-g‘arbiy qismida, Qizilo‘rda viloyatida joylashgan. 1994 yilda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Boyqo‘ng‘ir 2050 yilgacha Rossiyaga ijaraga berilgan. Rossiya har yili Qozog‘istonga ijara uchun taxminan 115 million AQSH dollari miqdorida to‘lov qiladi. Bundan tashqari, infratuzilma va texnik xizmatlar uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan “Progress MS-27” yuk tashuvchi kemasi bo‘lgan “Soyuz-2.1a” raketasi havoga ko‘tarilgan edi.
LiveBarchasi