Rossiya Belarusga qo‘shinini joylashtiradimi? Lukashenko qat’iy javobini aytdi
Olam
−
30 iyul 2021
9932Belarusga Rossiya harbiy bazasini joylashtirish masalasi hech qachon Prezidentlar darajasida muhokama qilinmagan. Bu haqda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bugun, 30 iyul kuni ijtimoiy-siyosiy vaziyatning dolzarb masalalari bo‘yicha faollar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Lukashenko G‘arb davlatlari sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Belarus-Rossiya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlaridan xavotirda ekaniga e’tibor qaratdi.
“Bularning barini eshitish kulgili. Ular bizning chegaralarimiz yaqinida qancha mashq o‘tkazdi? Ular Lukashenko Belarus hududida Rossiya bazalarini joylashtirmoqchi, deb bizni tanqid qilmoqda. Biz ular Yevropada qanchadan qancha bazalar qurganiga hech qanday e’tiroz bildirmadik-ku. Belarusga Rossiya harbiy bazasini joylashtirish masalasi hech qachon Prezidentlar darajasida muhokama qilinmagan”, deydi Lukashenko.
Belarus rahbariga ko‘ra, avvalo zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan bunga ehtiyoj yo‘q. Ammo Ittifoqdosh mamlakat uchun zarur bo‘lsa, darhol barcha turdagi qurollar joylashtirilishi mumkin.
“Agar biz qurayotgan Ittifoq davlati xavfsizligi uchun, Belarus va Rossiya xavfsizligi uchun barcha Qurolli Kuchlarni bu erga barcha turdagi qurollar bilan joylashtirish zarur bo‘lsa, ular darhol shu yerga joylashtiriladi. Hozir bunga hojat yo‘q, bizda kuchli, birlashgan, ixcham Qurolli Kuchlar bor. Biz kerak vaqtda qisqa muddatda 500 ming kishini qurollantira olamiz, bu katta kuch. Agar kamlik qilsa, bu yerga Rossiya Qurolla Kuchlari jalb qilinadi. Bu hech qachon sodir bo‘lmaydi. Ammo zarurat bo‘lsa, biz o‘ylab o‘tirmaymiz”, deydi Lukashenko.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi. G‘arb davlatlari Lukashenko hokimiyatini tan olmayapti.
Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.