Lavrov Lukashenko bilan uchrashishga otlanyapti
Olam
−
19 noyabr 2020
4833Joriy yilning 25-26 noyabr kunlari Minskga ishchi tashrifi davomida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning hamkasbi Belarus Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey bilan uchrashadi. Bu haqda bugun, 19 noyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
"25-26 noyabr kunlari Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya va Belarus tashqi ishlar vazirliklarining qo‘shma yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Minskka boradi. Tashrif dasturiga uning Belarus Prezidenti bilan uchrashuvi va ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralari kiradi”, deydi u.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar respublikadagi vaziyatni, ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilmoqchi.
Bundan tashqari, muzokaralarda Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning holati, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining BMTning tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etish imkoniyatlari, integratsiya jarayonlari orqali Buyuk Yevroosiyo sherikligini shakllantirish istiqbollari, shuningdek xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘zaro munosabatlar muhokama qilinadi.
"Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma hujjatlarni, shu jumladan, 2021 yilgi vazirliklararo maslahatlashuvlar rejasi va ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha kelishuvlarning muammolarini aks ettiradigan idoralararo qarorni imzolash rejalashtirilmoqda", deydi Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir oy avval, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham Minskda mehmon bo‘lib, Aleysandr Lukashenko bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.
LiveBarchasi